$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 23-oktyabr voqealari

Qora 23-oktyabr

 Ikki ayol bir-birini haqorat qilgani uchun qariyb 40 mln. so‘m jarima to‘laydi

Toshkentda ikki ayol bir-birini haqorat qilgani uchun 37,7 mln. so‘m jarima to‘laydi. Bu haqda shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Yangihayot tumanida yashovchi U.E. “Qo‘shnilar” Telegram-guruhida qo‘shnisi G.S.ga nisbatan uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, sharmandali va tuhmatli so‘zlar tarqatgan. Bundan tashqari, G.S. U.Ye uning xonadoniga bostirib kirganini ma’lum qilgan.

Bunga javoban qo‘shnisi G.S. qizini U.E.ga tuhmat qilib, to‘ydan oldin homilador bo‘lganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, G.S sudda U.Ye fohishalik bilan shug‘ullanayotgani va uning kvartirasidan doimiy ravishda notanish erkaklar chiqib turishi haqida mish-mishlar tarqatganini aytdi.

Biroq, bu erkaklar fuqaro G.S.ning uyini ta’mirlagan quruvchilar ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ularning biriga, 20,6 million so‘m, ikkinchisiga 17,1 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

“Kannabis” yetishtirayotgan fuqaroning xonadonidan “marixuana” ham chiqdi

Buxoro viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo‘limining ma’lum qilishicha, tomorqasida “kannabis” yetishtirgan fuqaroning yashash xonadonidan “marixuana” ham topilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, Buxoro viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Qoradori-2024» tadbiri davomida Buxoro shahrilik fuqaro S.H.ning ekin yeri ko‘zdan kechirilgan. Unda markaziy poyasi va ildiziga ega, yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli, bo‘yi 60 sm.dan 140 sm.gacha, poyasining diametri 1,5-2,5-sm.gacha bo‘lgan ta’qiqlangan 8 tup “kannabis” o‘simligini yetishtirgani aniqlangan. Shundan so‘ng yashash xonadonining ichki uylarida ham qonun doirasida tekshiruv ishlari olib borilgan. Ushbu jarayonda sof vazni 2,41 grammga teng bo‘lgan quritilgan holdagi “marixuanna” giyohvandlik vositasini ham yashirin ravishda saqlab kelgani oshkor bo‘lgan.

S.H.ning xatti-harakati Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Aybdor barcha giyohvandlik vositalarini o‘z iste’moli uchun yetishtirib, saqlab kelayotganini bildirgan. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, S.H.ga nisbatan bir yilu olti oy ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.

Toshkentda Telegram “Koshelyok” bo‘limida kripto aktivlarini sotgan shaxs qamaldi

Joriy yilning 23 oktyabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida MJtKning 155-4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda gumonlangan X.S.ga oid ish ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, 2024 yil 10 oktyabr kuni IIBB ATSJQKB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.S. Telegram platformasida “Koshelyok” bo‘limida iPhone 7 plus telefon apparatidan foydalanib noqonuniy ravishda kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani ma’lum bo‘lgan.

Sud hukmiga ko‘ra, X.S. MJtKning 155-4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi va unga shu modda bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Noqonuniy boqilgan laylaklar olib qo‘yildi va hayvonot bog‘iga topshirildi

Toshkentda ekologiya inspektorlari “Chinobod” sanatoriyasi hududida hujjatsiz qafasda saqlanayotgan to‘rtta oq laylakni aniqladi.

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot kelib tushgan va Yunusobod tumani xodimlari bu xabarga tezda munosabat bildirishgan.

Qoidabuzar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qushlar olib qo‘yilib, Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi va u yerda munosib parvarish qilinadi.

Ekologiya boshqarmasi fuqarolarga hayvonlarni saqlash qoidalariga rioya qilish va qonunbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar berish muhimligini eslatdi.


Теги :
Jamiyat