$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 17-oktyabr voqealari

Qora 17-oktyabr

Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi

Afg‘onistonda 5,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning kuchi Surxondaryo viloyatida sezilib, 2 ballni tashkil etdi.

16-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 23:56 da Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘ldi.

FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabariga ko‘ra, zilzila koordinatalari: 36,56 gradus shimoliy kenglik, 70,54 gradus sharqiy uzunlik.

Magnituda — 5,8. Chuqurlik 200 km. Zilzila episentri Toshkentdan 536 km janubi-sharqda.

Yer qimirlashi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida 2 ballik kuch bilan sezildi.

Toshkent viloyatida hojatxonaga tushib ketgan qizcha qutqarildi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida hojatxonaga tushib ketgan qizcha qutqarib qolindi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea 17-oktabr kuni soat 11:44 da “Birlik” mahallasidagi novvoyxonalardan birida sodir bo‘lgan. Shu vaqtda FVBga xabar kelib tushgan.

Qutqaruvchilar zudlik bilan manzilga yetib borib, maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida hojatxona chuqurligidan qizchani sog‘-salomat olib chiqqan.

IIBB Telegram’dagi firibgarlikning yangi ko‘rinishidan ogohlantirdi

Firibgarlar tomonidan Telegram orqali yuqori lavozimlarda ishlovchi vazirlik, idora va turli xil tashkilot rahbar hamda mas’ul xodimlari nomidan soxta profillar yaratilib, qo‘l ostidagi xodimlarni aldash holatlari kuzatilmoqda.

Firibgarning, ya’ni “o‘z rahbarining” gaplariga ishongan xodim bir necha daqiqadan so‘ng u bilan aloqaga chiqqan shaxsga (go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili) so‘ragan barcha ma’lumotlarini berib yuboradi.

Poytaxt IIBB fuqarolardan shu kabi holatlarga duch kelgan taqdirda, 71-206-55-00 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishni so‘ramoqda.

Samarqandda pirotexnika vositalarining katta partiyasi musodara qilindi

Bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, “Manas” postida Farg‘ona - Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan avtomobil to‘xtatilgan. U ko‘zdan kechirilganda yukxonadan 153 ming donadan ortiq 5 turdagi pirotexnika va mushaklar topildi.

Hozirda vaqtinchalik saqlashda bo‘lgan pirotexnikalarning umumiy qiymati 150 mln. so‘mni tashkil etadi.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Теги :
Жамият