$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 10-oktyabr voqealari

Qora 10-oktyabr

Fuqaroni Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Marg‘ilon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda B.I. (firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) fuqaro B.R.ga Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, unga qalbaki hujjatlarni tayyorlab berib, evaziga 9 300 AQSH dollarini qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Shuningdek, tekshiruv davomida B.I. tomonidan 500 AQSH dollarining qaytarilishi prosessual tartibda rasmiylashtirilgan.

“O‘zgidromet” ogohlantirish e’lon qildi

Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 11 va 13-14-oktyabr kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:

-       Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;

-       Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;

-       Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;

-       Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Ovozli xabar tarqatgan rais jarimaga tortildi

Qashqadaryo viloyatidagi mahalla raisining paxta terimiga chiqmaganlarga bola puli berilmasligi bo‘yicha tarqalgan ovozli xabari yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi o‘rganish o‘tkazdi.

O‘rganish davomida Shahrisabz tumanidagi “Paxtakor” MFY raisi L.O‘roqov 2024-yil 9-oktyabr kuni Nushkent qishlog‘ining “Nushkent birlashaylik” telegram kanaliga ushbu ovozli xabarni yuborib, ishsiz fuqarolarni paxta yig‘im-terimiga chaqirganligi, shundan so‘ng ular terimga kelganligi ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan L.O‘roqovga nisbatan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18 750 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.

“Sardor gangster”ga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qashqadaryoning Nishon tumanida yashovchi tiktoker Sardor Safarboyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Sevimli” telekanali “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

U TikTok va YouTube platformalarida Sardor gangster taxallusi bilan chiqishlar qiladi. Chiqishlarining birida “Men qiz farzand ko‘rmayman, agar xotinim qiz tug‘sa musor yashikka tashlab yuboraman”, deganidan so‘ng uning gaplari keng jamoatchilik e’tirozi va muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Dasturda ma’lum qilinishicha, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Теги :
Жамият