$
 12658.19
-100.17
 14672.11
-148.0
 161.44
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Qashqadaryoning bir asrlik to‘yiga Qarshi jamoasidan to‘yona: “Nasaf” — o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempioniga aylandi

Nasaf

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari o‘z tarixida ilk bor Superligada chempionlikni qo‘lga kiritib, Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi.

Chempionlik o‘yini

Bugun, 1-noyabrda Superliga 23-turi doirasida Qarshining “Nasaf” futbol klubi safarda “Lokomotiv”ni mag‘lub etib, muddatdan avval o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Toshkent viloyatining “Do‘stlik” stadionida o‘tgan bahsda Qarshi klubining chempionlik imkoniyati katta ekani sababli Qashqadaryodan tashkiliy tarzda 10 ga yaqin avtobuslarda muxlislar olib kelingan edi. Shiddatli o‘tgan bahsning 35-daqiqasida bosh hakam Ahrol Risqullayev kutilmaganda “Lokomotiv” himoyachisi Ivan Rogachni maydondan chetlatdi va qolgan daqiqalarda “Nasaf” maydonda bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynadi. 73-daqiqada Akmal Mozgovoy supergoli bilan hisobni ochib, yakunda “Nasaf” ga muhim g‘alaba va chempionlikni keltirdi – 1:0.

Tarix yangilandi

Shunday qilib, “Nasaf” 23 o‘yindan keyin 52 ochko jamg‘arib, chempionat yakuniga 3 tur qolganda muddatdan avval O‘zbekiston chempioniga aylandi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari o‘z tarixida ilk bor Superligada chempionlikni qo‘lga kiritib, Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi. Bungacha “Neftchi” 2001-yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, shundan keyin o‘tgan 23 yil davomida chempionlik faqat Toshkent klublariga nasib qilayotgan edi. Xususan, so‘nggi 5 yil davomida “Paxtakor” chempionlikni hech kimga bermay kelayotgandi. 

Mamlakat chempioniga aylangan 8-jamoa

Qarshi klubi O‘zbekiston tarixida mamlakat chempioniga aylangan 8-jamoaga aylandi. Bunga qadar "Paxtakor" (16), "Neftchi" (5), "Bunyodkor" (5), "Lokomotiv" (3), "Do‘stlik" (2), MHSK (1), "Navbahor" (1) Superliga oltin medallariga ega chiqqandi. 

Ro‘ziqul Berdiyevning armoni qolmadi

Ro‘ziqul Berdiyev "Nasaf" ustozi sifatida ilk bor 2012-yilgi mavsumda ishga kirishgandi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoadagi 12-yillik faoliyati davomida 5 bor bronza, 3 bor kumush medallarini, 4 marotaba mamlakat kubogi va 2 karra Superkubokni qo‘lga kiritdi. Mutaxassis bugun nafaqat murabbiy balki futboldagi faoliyatidagi birinchi chempionligini nishonladi.

 Elit Osiyo Сhempionlar Ligasi yo‘llanmasi

Berdiyev boshchiligidagi "Nasaf" klubi 2025/2026-yilgi Elit Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Ta’kidlash lozimki, G‘arb mintaqasida yo‘llanmaga ega chiqqan dastlabki klubga aylandi. Sharq mintaqasida Koreya Respublikasi chempioni "Ulsan XD" klubi ham keyingi mavsum Elit OCHLda ishtirok etishi aniq bo‘lgan. "Nasaf" o‘tgan yil O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgani uchun bu mavsum OCHL2 musobaqasi guruh bosqichida o‘ynamoqda. 

O‘zbekiston Superkubogi-2025

2025-yilgi O‘zbekiston Superkubogi uchun bahsda "ajdarlar" ilk bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan "Andijon" klubiga qarshi maydonga tushishadi. Bu natija orqli "Nasaf" o‘z tarixida 4 marta Superkubok uchun o‘yinda ishtirok etgan va 2 marta g‘olib bo‘lgan. "Andijon" esa birinchi marta Superkubok uchun o‘yinda ishtirok etadi.

Теги :
Jamiyat