Toshkentdagi supermarketlarda ayrim mahsulotlar narxi pasaydi
Xususan, olma, pomidor, karam, sariq piyoz, shakar hamda tovuq go‘shti kabilarning narxi avgust oyidagiga nisbatan arzonlashgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi yirik supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.
Narx tahlili
MHTI mutaxassislari poytaxtdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi. Tahlil 8-avgust va 12-sentabr kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida qilindi.
Narxlar pastlagan
Natijada 8 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligi aniqlandi.
Xususan, olmaning minimal narxi 28,2%, pomidorniki 18,7%, karamniki 15,9%, limonniki 13,8%, grechkaniki 5,9%, tovuq go‘shtniki (file) 3,1%, sariq piyozniki 2%, shakarniki 1,6% pasaygan.
Oshgan narxlar
9 nomdagi mahsulotning minimal narxlari oshgan. Narxining oshishi bo‘yicha kartoshka yetakchi bo‘ldi. Bu esa mavsumiy omil bilan bog‘liq.
Bundan tashqari 4 nomdagi mahsulotning eng past narxlari o‘zgarishsiz qolgan. Ularning orasida bug‘doy uni, guruch, qizil sabzi va tuxum.



