$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda birinchi marta “Sharq – Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkaziladi

prezident murojaati

4-5-sentyabr kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining 10-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 2-konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi UzA.

Kimlar qatnashyapti?

Ularda SHHT va MDHga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, MDH organlarining ishchi tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash muammolarini o‘rganishga jalb qilingan ta’lim va ilmiy-tahliliy tashkilotlar delegatsiyalarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Ishtirokchilar orasida BMT, MDH aksilterror markazi (ATM), Interpol, Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi (YeOG), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) hamda boshqa tashkilotlar vakillari ham bo‘ladi.

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ishtirokchilarning xavfsizlikka nisbatan bo‘ladigan yangi tahdidlarga nisbatan umumiy tushuncha va yondashuvlarini shakllantirishdan iborat, deyiladi xabarda.

Konferensiya ishtirokchilariga Prezident murojaati

O‘zbekistonda birinchi marta “Sharq – Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida aytildi. https://president.uz/uz/lists/view/7522 Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlarga qarshi kurashishda o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish va maxsus kuchlar bo‘linmalarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Geosiyosiy keskinlik va kibermakondagi xavf-xatar

“Afsuski, geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, yetakchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch taqchilligi, global xavfsizlik institutlari rolining pasayishi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashishda ochiq hamda samarali xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi murojaatda.

Ta’kidlanishicha, shu bilan birga, kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal g‘oyalarni targ‘ib etish bo‘yicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora ko‘p amalga oshirilmoqda.

Prezidentning taklifi

“Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari “onlayn manqurtlashtirish” qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda”, — deyiladi murojaatda.

Shavkat Mirziyoyev qayd etishicha, shu bois qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va MDH Aksilterror markazi faoliyati doirasida bunday xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni o‘tkazish eng muhim vazifalar hisoblanadi.

Теги :
Jamiyat