$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

MTRKga yana milliardlar tikilmoqda

MTRK

Teleradiokompaniya faoliyatini takomillashtirish uchun yangi farmon qabul qilindi. Ammo bu farmon ommaga ochiqlangani yo‘q, deb yozadi Uzdiplomat nashri.

MTRK mulklari sotilishi

“O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining mamlakatimiz mediamakonidagi o‘rnini yanada oshirish hamda faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish to‘g‘risida”gi farmonda tizimga yana mablag‘ ajratilishi nazarda tutilayotganini ko‘rish mumkin.

Teleradiokanallar huzurida radio, televidenie va jurnalistika sohalaridagi kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarining kafedralari tashkil etiladi. Ta’kidlanishicha, hujjatda Milliy teleradiokompaniyaning mulklari sotilishi ham nazarda tutilgan.

O‘zMTRKni rivojlantirish jamg‘armasi

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining markaziy teleradiokanallari reklama-tijorat faoliyatidan tushadigan mablag‘larning 50 foizi;

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga tegishli davlat mulki obъektlarini sotishdan tushgan mablag‘larning to‘liq miqdori;

bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitiga joylashtirishdan olingan daromadlar;

xomiylik xayriyalari, xorijiy (xalqaro) tashkilotlar grantlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga yangi O‘zMTRKni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Teleradiokanallarga ixtiyoriylik asosida doimiy ravishda xomiylik yordami ko‘rsatib borish

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va tizim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy va yuqori sifatli texnologik uskunalar bilan jihozlash ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, tegishli tashkilot, korxona, xo‘jalik birlashmalari, kompaniyalar va banklarning ular tomonidan teleradiokanallarga ixtiyoriylik asosida doimiy ravishda xomiylik yordami ko‘rsatib borish uchun “Do‘stlar klubi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish ma’qullangan bo‘lib bu hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga Vazirlar Mahkamasi ko‘maklashadi.

Farmonni bajarish Bosh vazir zimmasida

Shuningdek, hujjatda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va uning tizimidagi teleradiokanallar bino va inshootlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan manzilli dastur tasdiqlangan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu manzilli dastur doirasida 2025-yildan boshlab zarur mablag‘larni ajratadi.

Farmonni bajarish Bosh vazir A.Aripov zimmasiga yuklatilgan.

Joriy yilda MTRKga davlat byudjetidan 559,9 mlrd. so‘m ajratilgan

O‘tgan yili chiqqan Prezident qaroriga ko‘ra, MTRKga ajratilgan 22,5 mln. yevro miqdordagi kredit davlat byudjeti hisobidan qoplanishi belgilangandi.

Hujjatda 2016-yil Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (mamlakat suveren jamg‘armasi) tomonidan MTRKga ajratilgan kredit bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish uchun hisoblangan penyalar hisobdan chiqarilgan.

Ma’lumot uchun, 2024-yil uchun MTRKga davlat byudjetidan 559,9 mlrd. so‘m, 2023-yilda 555,94 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. 2022-yilda kompaniyaga 463,6 milliard so‘m, 2021-yilda 427,1 milliard so‘m, 2020-yilda 399,5 milliard so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan.

Milliy teleradiokompaniya tizimida birlashish va qisqartirishlar kutilmoqda

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil qilish dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra: 

➖ "Oʻzbekiston 24" ijodiy birlashmasi" davlat muassasasi tashkil etiladi hamda uning tizimiga "Oʻzbekiston 24", "Oʻzbekiston", "Dunyo boʻylab" telekanallari va "Oʻzbekiston 24" radiokanalini o‘tkaziladi;

➖"Maʼrifat" ijodiy birlashmasi" davlat muassasasi tashkil etiladi hamda uning tizimiga "Madaniyat va maʼrifat", "Oʻzbekiston tarixi", "Bolajon” va "Kinoteatr" telekanallari o‘tadi;

➖ "Yoshlar" ijodiy birlashmasi, aksiyadorlik jamiyatini tashkil etilib, uning tizimiga "Yoshlar", "Navo” telekanallari va "Yoshlar" radiokanali o‘tadi; 

➖ "Sport ijodiy birlashmasi" davlat muassasasi tizimiga esa "Sport" va "Futbol TV" telekanallarini o‘tkazish nazarda tutilgan.

Yangi tartibga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan boshlab “Mahalla" teleradiokanali" davlat muassasasi moliyaviy mustaqil hisoblanadi hamda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat buyurtmasini bajarish sharti bilan faoliyat olib boradi. 

Теги :
Jamiyat