Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Havo 124 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☁ +19° kechasi +10°

Taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etganlik uchun 10 yilgacha qamoq jazosi belgilandi

O‘zbekistonda ekstremistik va boshqa taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashish, shuningdek, ularning g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq javobgarlik kuchaytirildi. Bu borada Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi.

1 daqiqa o‘qiladi

Jinoiy javobgarlik

2026-yil 2-noyabr kuni qabul qilingan O‘RQ–1185-sonli qonun bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Unga muvofiq, ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Taqiqlangan g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi materiallarni saqlash ham javobgarlikka sabab bo‘ladi

Qonun bilan ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalarini aks ettiruvchi materiallarni tayyorlash yoki tarqatish maqsadida saqlash uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi.

Bu talab qirg‘in uyushtirishga yoki fuqarolarni majburan ko‘chirishga da’vat etuvchi, shuningdek, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan materiallarga ham taalluqli.

Bundan tashqari, ekstremistik va terrorchilik tashkilotlariga tegishli atributika yoki ramzlarni tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash va saqlash ham huquqbuzarlik sifatida belgilandi.

Jarimalar va ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi

Mazkur huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga tegishli buyumlar musodara qilinadi. Shuningdek, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima solinishi mumkin.

Muqobil jazo sifatida 15 sutkagacha ma’muriy qamoq ham qo‘llaniladi.