Buxoroda 300 mln dollarlik aeroport va 23,5 kilometrlik yo‘l quriladi
Buxoro yaqin yillarda yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan shaharda yangi aeroport, avtomobil yo‘llari va transport tizimini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tayyorgarlik ishlarini muhokama qilib, quriladigan obyektlar faqat xorijiy mehmonlar uchun emas, tadbirlardan keyin ham mahalliy aholiga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Buxoroda 300 million dollarlik yangi aeroport quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda shaharning transport tizimi va infratuzilmasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, qiymati 300 million dollar bo‘lgan yangi xalqaro aeroport qurilishi hamda uni shahar bilan bog‘laydigan 23,5 kilometrlik avtomobil yo‘lini barpo etish ishlari ko‘rib chiqildi.
Prezident Buxoroga kelgan mehmon birinchi navbatda aeroport, vokzal va yo‘llarning holatiga e’tibor berishini aytdi.
Shu sababli temiryo‘l vokzallari atrofini obodonlashtirish, avtoturargohlar qurish, ko‘chalarni yoritish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shahar va tumanlardan vokzallarga qatnovni yaxshilash uchun qo‘shimcha 120 ta avtobus jalb etiladi.
Shaharda xavfsizlik kuchaytiriladi, yashil hududlar kengayadi
Xalqaro tadbirlar davomida mehmonlar va aholining xavfsizligini ta’minlash uchun Buxoroda zamonaviy vaziyat markazlarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Jamoat joylari va sayyohlik obyektlari raqamli texnologiyalar yordamida kuzatiladi. Yo‘l harakatini boshqarish va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tizimlarini yaxshilash ham muhokama qilindi.
Mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish uchun profilaktika inspektorlari va “mahalla yettiligi” hamkorligi kuchaytiriladi.
Shuningdek, Buxoroning issiq va quruq iqlimini hisobga olib, shaharda ko‘proq daraxt va butalar ekish, yashil hududlarni kengaytirish rejalashtirilgan.
Yangi ko‘chatlarni saqlab qolish uchun sug‘orish va drenaj tizimlari ham tashkil etiladi. Aeroportdan shaharga olib boradigan yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirishga ham e’tibor qaratiladi.
Xalqaro tadbirlar Buxoroga nima beradi?
Prezident xalqaro uchrashuvlardan faqat mehmonlarni kutib olish uchun emas, balki viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun ham foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Vazirlik va idoralarga xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarga puxta tayyorlanish, O‘zbekistondagi islohotlar natijalarini ko‘rsatish va yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish topshirildi.
Xususan, sanoat, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, transport, logistika va eksport yo‘nalishlarida yangi kelishuvlarga erishish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, elektr energiyasini uzatish va saqlash tizimlarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xorijiy mehmonlarga Buxoroning tarixiy obidalari va sayyohlik maskanlari bilan birga zamonaviy korxonalar, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlar ham namoyish etiladi.
Shuningdek, aholining bandligi, daromadlari, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi o‘zgarishlar bilan tanishtirish vazifasi qo‘yildi.
Prezident tayyorgarlikni faqat xalqaro tadbirlar o‘tkaziladigan joylar bilan cheklamaslik kerakligini ta’kidladi. Uning topshirig‘iga ko‘ra, mutasaddilar hududlarga chiqib, ishlarning borishini shaxsan tekshiradi va muammolarni joyida hal qiladi.
Eng muhimi, Buxoroda quriladigan yangi obyektlar, yo‘llar va joriy etiladigan xizmatlar xalqaro tadbirlar tugaganidan keyin ham buxoroliklarga foyda keltirishi kerak.



