O‘zbekistonga eng ko‘p soliqni Apple va Google to‘lamoqda
O‘zbekistondagi foydalanuvchilar Apple, Google, Meta va boshqa yirik xalqaro platformalarga milliardlab so‘m sarflamoqda. Bu pullarning bir qismi davlat budjetiga soliq sifatida qaytmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 109 ta xorijiy elektron xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya davlat budjetiga 232,8 milliard so‘m soliq o‘tkazgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 85 foizga yuqori.
Soliq tushumlarining asosiy qismi 10 ta kompaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan
Soliq qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar orasida eng katta soliq to‘lovlari Apple, Google va Meta hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Jumladan, Apple kompaniyasi hisobot davrida 54,2 milliard so‘m, Google 52,6 milliard so‘m, Meta esa 46,7 milliard so‘m soliq to‘lagan.
Shuningdek, eng ko‘p soliq to‘lagan xorijiy kompaniyalar o‘ntaligidan quyidagi korxonalar ham joy olgan:
Apple — 54,2 milliard so‘m;
Google — 52,6 milliard so‘m;
Meta — 46,7 milliard so‘m;
Valve Corporation — 22,8 milliard so‘m;
Anthropic — 14 milliard so‘m;
OpenAI — 10 milliard so‘m;
Midasbuy — 4,8 milliard so‘m;
Booking.com — 4,2 milliard so‘m;
TikTok — 2,4 milliard so‘m;
Anysphere — 2,2 milliard so‘m.
Ushbu o‘nta kompaniya jami 213,9 milliard so‘m soliq to‘lagan. Bu esa O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatadigan barcha xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlarning qariyb 92 foizini tashkil etadi.
Xorijiy kompaniyalar uchun soliq to‘lash muddati belgilangan
O‘zbekiston Soliq kodeksining 281-moddasiga binoan, mamlakat hududida elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar har chorak yakunidan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmasdan soliq hisobotlarini topshirishi va tegishli soliqlarni to‘lashi lozim.
Mazkur talab xorijiy elektron xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga nisbatan ham amal qiladi.



