$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Xavotirli tendensiya: Mikroqarzlar ulushi tez sur’atlarda o‘sib bormoqda

Mikroqarz

Markaziy bank birinchi yarim yillik uchun moliyaviy barqarorlik sharhini taqdim etdi. Unga ko‘ra, 2024-yil I yarim yilligida O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy barqarorlik saqlanib qolgan.

Moliyaviy sharoitlarda yumshash kuzatilgan

Bank tizimining jami hamda I darajali kapital monandlilik koeffitsiyentlari mos ravishda 17,3 va 14,2 foizlarni tashkil etib, o‘rnatilgan minimal talablardan yuqori shakllandi.

O‘zbekiston xatar premiumining tarixiy o‘rtacha trendi doirasida nisbatan past shakllanishi, shuningdek bank sektoridagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida O‘zbekistonda moliyaviy sharoitlar yumshadi. Shuningdek, bank tizimi bo‘yicha moliyaviy stress indeksida pasayish kuzatildi.

Avtokreditlar qoldig‘ining yillik o‘sish sur’ati sekinlashgan

Banklarning jami aktivlari tarkibida yuqori likvidli aktivlar ulushining ortishi, shuningdek jami majburiyatlar tarkibidagi barqaror bo‘lmagan moliyalashtirish darajasining pasayishi banklardagi likvidlilik bo‘yicha zaifliklar bilan bog‘liq xavotirlar kamayganligiga ishora bermoqda.

Makroprudensial siyosatning qat’iylashtirilishi natijasida jismoniy shaxslarga ajratilgan avtokreditlar qoldig‘ining yillik o‘sish sur’ati sekinlashdi.

Ko‘chmas mulk masalasi qanday?

2022-yildan boshlab yuqori shakllangan uy-joylarning bozor narxlari hamda ko‘chmas mulk bozorida kuzatilayotgan talab va taklifning nomutanosibligi hisobiga uy-joylarning bozor narxi fundamental qiymatidan ortiqcha baholanish saqlanib qolmoqda. Bunda, ko‘chmas mulk bozoridagi uy-joy narxlari fundamental bo‘lmagan omillar hisobiga yuqori shakllanmoqda.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz yuki darajasida o‘zgarish kuzatilmagan

Aholining qarz majburiyatlarini bajarishi bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolmoqda. Aholining jami qarz yuki darajasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bankdan kredit olgan respondentlarning bankdan tashqari qarz majburiyatlarini ham hisobga olgan holdagi jami o‘rtacha qarz yuki darajasi 73 foizni tashkil etdi.

Aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz yuki darajasi esa deyarli o‘zgarmadi hamda 40–45 foiz atrofida shakllandi.

Mikroqarzlar 77 foizga ko‘paygan

Mikroqarzlarda kuzatilgan yuqori faollik bo‘yicha xavotirlar paydo bo‘lmoqda. Bank tizimi bo‘yicha jami kredit portfelida mikroqarzlar ulushining keskin o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, 2024-yil 1-iyul holatiga, mikroqarzlar 2023-yilning mos davriga nisbatan 77 foizga ko‘paygan.

To‘lov qobiliyati makro stress-testining asosiy ssenariysida bank tizimida xavotirlar kuzatilmadi. Xatarli ssenariy bo‘yicha stress-test natijalariga ko‘ra, o‘rta muddatda ayrim banklarda minimal normativ talablarning buzilishi yuzaga kelishi mumkin.

Ichki xatarlar

Likvidlilik makro stress-testining asosiy ssenariysiga ko‘ra, banklar qisqa muddatda likvidlilik bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaydi. Xatarli ssenariyda ayrim banklarda sof pul kirimining manfiy saldosi kuzatilishi mumkin.

Tashqi moliyalashtirish bo‘yicha yuqori xarajatlarning uzoq muddatda saqlanib qolishi, O‘zbekistonning moliyaviy hamda nomoliyaviy sektori ishtirokchilariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarni qo‘llanilish xavfi hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarining yuzaga kelishi O‘zbekiston moliya tizimiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashqi xatarlar sifatida baholanmoqda.

O‘z navbatida, uy-joylar narxlarining ortiqcha baholanishi davom etishi, mikroqarzlarning yuqori sur’atlarda o‘sishi hamda kiber xatarlarning ortib borishi ichki xatarlar deya qaralmoqda.

Mikroqarzlar oshishiga nima sabab bo‘lmoqda?

O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlarning yanada qulayroq va ommalashganligi aholiga mikroqarz olish imkoniyatini oshirdi. Odamlar endi moliyaviy yordam olish uchun oddiy bank xizmatlariga murojaat qilishdan tashqari, mikroqarz beruvchi tashkilotlarga murojaat qilishmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda mikromoliyaviy tashkilotlar sonining ko‘payishi bilan raqobat oshdi. Bu esa mijozlar uchun qulay shartlar, past foiz stavkalari va tezkor xizmatlarni taklif qilishga olib keldi, natijada ko‘proq odamlar mikroqarzlarga murojaat qila boshladi.

Mikroqarz olish ancha soddalashgan

Ikkinchi tomondan, mobil ilovalar va raqamli moliyaviy xizmatlar orqali mikroqarz olish yanada qulay bo‘ldi. Bu texnologiyalar orqali moliyaviy xizmatlar kengroq aholiga yetib bormoqda, ayniqsa, bank xizmatlariga to‘liq kirmagan yoki qishloq joylaridagi aholi uchun qulay yechim bo‘ldi.

Bundan tashqari, Odamlar turli maqsadlar uchun, masalan, kichik biznesni boshlash yoki rivojlantirish, uy-joy ta'mirlash yoki maishiy ehtiyojlarni qondirish uchun mikroqarzlarga murojaat qilishmoqda. Bu mikroqarzlarga bo‘lgan talabni oshirdi.

Теги :
Jamiyat