Migrantlar Sochidagi reydlar paytida qo‘pol munosabatdan shikoyat qilmoqda
Hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay ular politsiya va OMONlar tomonidan qo‘lga olinib, Adler politsiya bo‘limiga olib brogan va u yerda 8 soatdan ortiq sababsiz ushlab turilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Krasnodarda migrantlarga qarshi katta reydlar davom etmoqda. Bir necha o‘zbekistonliklar tekshiruvlar paytida qo‘pol munosabat va turtkilashga duch kelganliklaridan shikoyat qilishmoqda, deb yozyapti Migrant.uz.
Ular 8 soatdan ortiq sababsiz ushlab turilgan
Ulardan birining (shaxsi oshkor etilishni xohlamagan) xabariga ko‘ra, uni va boshqa migrantlarni huquqni muhofaza qilish organlari bevosita ish joyida, ya’ni qurilish maydonida tekshira boshlagan.
Murojaatchining barcha ruxsatnoma hujjatlari borligini, ularni olish uchun u ancha mablag‘ sarflaganini aytadi. Hujjatlar mavjud bo‘lishiga qaramay, politsiya va OMON uni va boshqa migrantlarni avtozakka o‘tirg‘izib, Adler politsiya bo‘limiga olib borgan. U yerda 8 soatdan ortiq sababsiz ushlab turishgan. Oxiri hujjati bor migrantlarni hech narsa demay qo‘yib yuborishgan.
“Ish kuni behuda ketdi. Bu kun uchun ish beruvchi bizga hech narsa to‘lamaydi. Hujjatlar bor, lekin baribir bo‘limga olib borishadi. Men hujjatlarim borligini aytishga harakat qildim, nega bo‘limga borishim kerak desam, shunda xodim hujjatlarimni qo‘limdan tortib olib, meni avtobusga itarib yubordi, baqirib, qo‘pol gapirib, so‘kindi”, deydi ishchilardan biri.
Yana bir o‘zbekistonlik, Sochida har kuni reydlar o‘tkazilayotganini aytdi. “Reydlar juda jiddiy, ishlashning iloji yo‘q”, deb shikoyat qilmoqda o‘zbekistonlik E.O.
Bir kunda 52 ta ma’muriy protokol
Haqiqatan ham hududiy politsiya xodimlari nafaqat turar joylarda, balki qurilish maydonlarida, bozorlarda va migrantlar ko‘p yig‘iladigan boshqa joylarda tekshiruvlarni faol o‘tkazmoqda. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘zlarining rasmiy resurslarida xabar berishmoqda.
Masalan, 6-sentabr kuni Krasnodar shahri bo‘yicha Rossiya Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun bir sutkada 52 ta ma’muriy protokol tuzilganini ma’lum qildi.



