$
 12929.92
-20.11
 13496.25
-9.34
 146.25
3.72
weather
+26
Кечаси   +14°
woodtech

Rossiyada yana Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish taklif qilinmoqda

Viza

Rossiya Sotsialistik Partiyasi rahbari Sergey Mironov ijtimoiy tarmoqda Savyolovskiy bozorida migrantlar ustidan politsiya tomonidan ommaviy tekshiruv o‘tkazilishini ma’qullashini ma’lum qilib, Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimi joriy etish taklifini bildirdi. “Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimi nazoratsiz migratsiya oqimini tartibga solish, huquqni muhofaza qilish organlarining ish yukini yengillashtirish va boshqa ishlarga ko‘proq vaqt ajratishga yordam beradi. Bu mahalliy fuqarolarning hayotini yanada qulay qiladi”, — deya yozadi u. Siyosatchi o‘z obunachilari va o‘quvchilari uchun “Siz Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimi joriy etilishi tarafdorisizmi?” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazadi. Unda ovoz bergan 8704 kishining 94 foizi “Ha” deb javob bergan.

Reyd nima sababdan o‘tkazildi?

Avvalroq Moskvada xavfsizlik kuchlari Savelovskiy bozorida yirik reyd o‘tkazgan edi. Tadbir davomida turli manbalarga ko‘ra, 100 dan 300 nafargacha bo‘lgan odam qo‘lga olingan. Hibsga olinganlarning aksariyati shaxsi aniqlangach, hujjatlar bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qilish talabi bilan qo‘yib yuborilgan. Ta’kidlash joiz, bir qator ommaviy axborot vositalari Rossiya fuqaroligini olgan muhojirlar harbiy ro‘yxatga olinish uchun tekshirilgani haqidagi versiyani ilgari surgan. 

Bu faqatgina siyosiy elitaning shaxsiy fikrimi?

2024-yilning noyabr oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligining MDH mamlakatlari uchinchi departamenti direktori Aleksandr Sternik RTVI bilan suhbatida Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy qilmoqchi emasligini ma’lum qilgan edi. Viza joriy etish to‘g‘risidagi takliflar siyosiy elitaning ayrim vakillarining shaxsiy fikridir, degandi u. Davlat rahbariyati hozircha migratsiya siyosati prinsiplarini o‘zgartirish niyatida emas. Sternik xorijiy fuqarolarni integratsiya qilish bo‘yicha mutasaddi organlar faoliyatini kuchaytirganini ta’kidlagan. Sternikning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda Rossiya tomoni kabi manfaatdor. Legal maqom mehnat muhojirlarining huquqlari buzilishidan himoya qiladi. Bundan tashqari, ularga davlat va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.

O‘zbekistonlik deputat munosabati

Yilni yakunlovchi dekabr oyida esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov rus siyosatchilarining butun Markaziy Osiyo mintaqasini Rossiya bilan viza orqali kirish-chiqish qilish haqidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytib, O‘zbekistonda yashaydigan hamma o‘zbek tili, madaniyati va mahalliy qadriyatlarni bilishi va hurmat qilishi kerak deb hisoblashini va xorijga ish izlab borayotgan o‘zbekistonliklarni ham mahalliy til, madaniyat, qonunlar va qiladigan ishini yaxshi bilishi zarurligini tan olishini bildirgandi

Mironovning markaziy osiyolik migrantlarga qarshi tashabbuslari 

Ushbu taklif va tashabbus Mironov tomonidan ilk marotaba yangramayapti. U avvalroq, 2024-yilning 19-oktyabrida ham o‘zining X’dagi (soiq Twitter) sahifasi orqali O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasining o‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi saflariga qo‘shilmaslikka chaqiruvini tanqid qilib, viza rejimi joriy etilishi kerak ekanligini talab qilgan. Shuningdek, u joriy oy avvalida ham migrantlarning pul o‘tkazmalari uchun boj joriy etishni taklif qilgandi. Mironov deputatlar tegishli taklif bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlashi va parlamentning quyi palatasiga kiritishini ta’kidlagan. 

Mutaxassislarning fikricha, 1-maydan keyin Rossiyada migrant qonunbuzarlarga nisbatan talab yanada qattiqroq bo‘ladi. Hozirgacha qonunbuzarlarning aksariyati hujjatlardagi barcha xatolarni tuzatish majburiyati bilan politsiya bo‘limlaridan ozod qilingan.

Теги :
Jamiyat