$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

“Nelegal 2024”: Rossiyadan 2 mingdan ortiq migrant chiqarib yuboriladi

Migrant

Moskvada bir hafta davom etgan “Nelegal 2024” operatsiyasining ikkinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha 2 mingdan ortiq muhojir Rossiyadan chiqarib yuboriladi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

13 mingdan ortiq noqonuniy migrantlar

Tadbir doirasida Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahridagi Bosh boshqarmasi politsiya xodimlari tomonidan migratsiya qonunchiligining 13 mingdan ortiq buzilishi aniqlangan.

"Ma’muriy materiallarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra adliya organlari tomonidan chet el fuqarolarini Rossiya Federatsiyasidan ma’muriy ravishda chiqarib yuborish to‘g‘risida ikki mingdan ortiq qarorlar, chet el fuqarolarini chiqarib yuborish to‘g‘risida 20 ta qaror, 12 ta deportatsiya bo‘yicha qaror qabul qilindi", deyiladi politsiya matbuot xizmati bergan xabarda.

420 ta noqonuniy migratsiya boʻyicha jinoiy ish

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining noqonuniy migratsiyani tashkil etish moddalari bo‘yicha 420 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

"Nelegal — 2024" operatsiyasi I bosqichi

"Nelegal — 2024" — bu noqonuniy migrasiyani toʻxtatishga qaratilgan tezkor-profilaktika tadbirlaridir. Birinchi bosqich Rossiyada iyun oyida oʻtkazilgan boʻlib, oʻshanda IIV xabariga koʻra, bir hafta ichida migratsiya sohasida 50 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlangan, mamlakatdan qariyb toʻqqiz ming xorijlik chiqarib yuborilgan.

6 million 174 ming xorijiy fuqarolar

Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy "Коммерсант" nashriga bergan intervyusiga koʻra, hozirda Rossiyada 6 million 174 ming xorijiy fuqarolar bor. https://t.me/sputniklive/86029

2024-yil boshidan buyon Rossiyaga deyarli 7,5 million nafar xorijlik fuqarolar kirib kelib, 6,8 million muhojir chiqib ketgan.

Noqonuniy migratsiya kamaygan

Noqonuniy migratsiya kamaygan. So‘nggi 4-5 yil davomida Rossiyadagi muhojirlarning 30 foizdan ortig’i noqonuniy maqomda edi. Hozir bu ko‘rsatkich taxminan 9 foizni tashkil qilmoqda.

Noqonuniy migrantlar soni 739 mingni tashkil qiladi. Ular asosan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolaridir.

26 422 ta jinoyat va 1,7 million ma’muriy huquqbuzarlik

2024-yilning sakkiz oyi davomida 20 296 xorijiy fuqaro 26 422 ta jinoyat sodir etgan. 

2024-yilning olti oyida xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 1,7 million ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 44,6 % ko‘pdir.

Rossiyada taxminan 10 million kishi mehnat shartnomalarisiz ishlaydi, ularning 10 % dan ko‘prog‘i xorijiy fuqarolar.

Rossiya kompaniyalarining xorijlik ishchi kuchiga ehtiyoji

“Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning kuchaytirilishi, qonunchilik va Rossiyada qonuniy ishlashni xohlovchi xorijliklarga qo‘yiladigan talablarning qat’iylashtirilishi kelajakda Rossiya Federatsiyasida ishchi kuchi taklifini kamaytiradi”, - deb yozadi Hh.ru so‘rovnomasiga asoslanib “Kommersant”.

So‘rovnomadan ma’lum bo‘lishicha, mehnat bozorida eng ko‘p ishchilarga (53 foiz), quruvchilarga (35 foiz), liniyadagi xizmatchilarga (25 foiz) va ishlab chiqarish personaliga (23 foiz) ehtiyoj sezilmoqda.

Hh.ru so‘roviga ko‘ra, ishchi migrantlarni ishga joylashtirishda muammolar bo‘lmagan kompaniyalarda asosan MDH va YeOII davlatlaridan (48%), Yevropa Ittifoqidan (33%), Osiyo davlatlaridan (Xitoy, KXDR, Vetnam, Tailand, Kambodja va boshqalar – 28%) ishchilar mehnat qilmoqda. So‘rovnomada qatnashgan kompaniyalarning 53% chet eldan keltiriladigan ishchi kuchi yetishmasligidan aziyat chekmoqda, hozirda shirkatlarning 46 foizi “u yoki bu” daraja migrant yollash hajmlari qoniqarli ekanini bildirgan.

"Yemagan somsasiga pul toʻlagan" migrantlar

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Rossiyada 40 nafar migrant nohaq kaltaklanib, har biriga 5 ming rubl miqdorida jarima solingani haqida xabar qilgan edik. Bir necha soat davom etgan xoʻrliklardan keyin ba’zi migrantlar politsiya bo‘limiga olib ketilgan. U yerda muhojirlar hech kim kaltaklamagani haqida hujjatga imzo qoʻyishga majburlangan.

Теги :
Жамият