Sayyohlar norozi bo‘lgan mehmonxonalar faoliyati to‘xtatiladimi?
Bir qator mehmonxonalarning muvofiqlik sertifikatini bekor qilish va faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha Turizm qo‘mitasiga xat yuborilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bir qator mehmonxonalarning muvofiqlik sertifikatini bekor qilish va faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha Turizm qo‘mitasiga xat yuborilgan.
Mehmonxonalardagi muammolar
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyatidagi aksariyat mehmonxonalarda obodonlashtirish ishlari mutlaqo talabga javob bermaydi, manzarali gul ko‘chatlari ekilmagan, xodimlarning maxsus kiyimi mavjud emas, qabulxonada noqonuniy ma’lumot taxtalari o‘rnatilgan. Shu bilan birga, sayyohlar tomonidan xizmatlar sifatini baholab boruvchi “QR-cod” havola va “call-markaz” telefon raqamlari tushirilgan ma’lumotlar ko‘rinmaydigan joyga qo‘yilgan.
Turizm boshqarmasi ma’lumotlari
Samarqand viloyati turizm boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan monitoringda viloyatdagi 691 ta joylashtirish vositalari faoliyati “ye-mehmon” tizimiga ulanganligi tahlil qilinganda 4 ta xostel va 11 ta oilaviy mehmon uyi tizimga ulanmaganligi aniqlangan. Sayyohlar eng ko‘p foydalanadigan ommabop booking.com va boshqa bronlash tizimlari orqali ko‘rsatilgan xizmatlar baholash reytingi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, 24 ta mehmonxonada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati “qoniqarsiz”, 21 ta mehmonxonada “o‘rtacha” deb baholangan.
Turizm qo‘mitasiga xat yuborilgan
“Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mehmonxonalar rahbarlari ogohlantirilib, tegishli choralar ham ko‘rildi”, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Narziqulov. Ma’lum qilinishicha, “Shaxrezada”, “Kamila”, “Maryam”, “Bex Suyeno” mehmonxonalari kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan bir necha marta ogohlantirilgan bo‘lsa-da, hech qanday amaliy ish qilmagan. Shu bois bu mehmonxonalarning muvofiqlik sertifikatini bekor qilish va faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha Turizm qo‘mitasiga xat yuborilgan.



