Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +22° kechasi +9°
Читать на русском

“Ma’naviy ekspertiza” haqidagi nizom qonuniy asosga ega emas — Adliya vazirligi

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq vazirlik va idoralarning bunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

2 daqiqa o‘qiladi

mediamahsulot kino serial kinoteatr

Avvalroq Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov boshchiligida bir qator idoralar tomonidan telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalar uchun tayyorlanayotgan serial, multfilm, kino, qo‘shiq va kliplarni “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazish tartibi joriy etilishi haqida xabar bergan edik. Otabek Hasanov oʻz bayonotida tegishli nizom tasdiqlab boʻlinganini ma’lum qilgan. Bugun, 14-dekabrda Adliya vazirligi bu haqida rasmiy bayonot berdi.

Bu qonuniy asosga ega emas

Bayonotga ko‘ra, bunday ekspertiza amaliyoti qonuniy asosga ega emasligi sababli tegishli nizom bekor qilingan.

Xabarda keltirilishicha, ma’naviy ekspertiza bo‘yicha qabul qilingan qarorlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan va bu ularning huquqiy kuchga ega emasligini anglatadi. “Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hujjatlar huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi hamda ijro etilishi majburiy emas,” deyiladi bayonotda. Shu bois, ma’naviy ekspertiza tartibi joriy etilmasligi va hujjatlar bekor qilingani ma’lum qilindi.

Vazirlik bayonotida, shuningdek, ma’naviyat markazi vakillariga media mahsulotlardagi qonunbuzarlik holatlarini aniqlash va tegishli organlarga tahliliy tavsiyalar kiritish topshirilgan.

Faollar bu Konstitutsiyaga zid ekanligini ta’kidlagandi

Eslatib o‘tamiz, ekspertiza guruhi mahsulotlarning milliy qadriyatlarga mosligini va yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini baholashi belgilangan edi.

O‘sha vaqtda bu qaror keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilingan va tanqidiy fikrlar bildirilgan edi. Ayrim huquqshunoslar va ekspertlar ushbu amaliyot Konstitutsiyaga zid kelishi va senzura xavfini tug‘dirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 82-moddasida senzura taqiqlangan, matbuot erkinligi kafolatlangan.