$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Mutaxassis minbari: Ma’naviyat haqidagi nizom Konstitutsiyaga zid emasmi?

mediamahsulot kino serial kinoteatr

O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, MTRK va Milliy media birlashmasi qarori bilan endilikda tele va radiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar uchun yaratilayotgan serial, multfilm, kino, qo‘shiq va kliplar kabi mediamahsulotlar “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkaziladi. Ma’naviyat markazi rahbari Otabek Hasanovning ta’kidlashicha, bu chora yoshlar tarbiyasini asrash va milliy qadriyatlarni himoya qilish maqsadida qabul qilingan.

Manaviyat “qoriqchilari”

Tasdiqlangan nizomga muvofiq, ma’naviy ekspertiza guruhi O‘zbekiston va xorijda ishlab chiqarilgan mediamahsulotlarning davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy qadriyatlar va axloqiy mezonlarga mosligini baholaydi. Shuningdek, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan axloqsizlik va behayolik elementlarini aniqlash va bunday mahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi. Mazkur mahsulotlarni to‘xtatish bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarga takliflar kiritib borilishi aytilgan.

“Ma’naviy ekspertiza” o‘tkazish tartibi Konstitutsiya va amaldagi qonunlarga mos keladimi?

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov ushbu yangi “ma’naviy ekspertiza” tartibini Konstitutsiya va amaldagi qonunlar bilan mosligi haqida shubhalar borligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyaning 81-82-moddalarida ommaviy axborot vositalari erkinligi kafolatlangan va senzura taqiqlangan. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ommaviy axborot vositalarining ishiga to‘sqinlik qilish yoki aralashishni taqiqlaydi. Ma’naviy axloqiy masalalar subyektiv tushunchalar bo‘lib, ularni har xil talqin qilish mumkin. Bunday “ekspertiza” kuchga kirgach, tanqidiy yoki zamonaviy bo‘lgan asarlar senzura qilinish xavfi tug‘iladi, bu esa huquqiy davlat tamoyillariga zid keladi,” — deydi Jalilov.

Konstitutsiyaga muvofiqlik: Senzuraga yo‘l qo‘yiladimi?

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 82-moddasi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 7-moddalarida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Jalilov ta’kidlashicha, bu tamoyil “ma’naviyat ekspertizasi” orqali kamsitilishi mumkin. “Bu kabi ekspertiza qarashlar va fikrlash erkinligini cheklash uchun qaratilgan mexanizmga aylanib qolish xavfi mavjud,” deya qo‘shimcha qiladi u.

Hammasi xuddi “1984”da tasvirlanganidek...

“Ma’naviyat ekspertizasi” turli qarashlar va fikrlarni senzura qilish uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Komil Jalilov bu yangi tizim Oruellning “1984” asaridagi “fikr politsiyasi” holatini eslatishini ta’kidlaydi. “Milliylikni himoya qilish bahonasida boshlangan bunday cheklovlar kelgusida erkin fikr va ijodiy ishlarni qisqartirishi mumkin. Demokratiya va huquqiy davlat tamoyillariga amal qilinishi zarur,” deya ogohlantiradi u.