Markaziy bank ma’lumotlarni boshqarish uchun platforma ishlab chiqmoqda
Platforma ma’lumotlarni tavsiflash va tuzish, hisobotlar yaratish, banklardan va boshqa tashkilotlardan zarur ma’lumotlarni avtomatik ravishda olish imkonini beradi.
1 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank va uning qaramogʻidagi tashkilotlar oʻrtasida axborot almashinuvi va tahlili jarayonlarini soddalashtirish maqsadida ma’lumotlarni boshqarish platformasi yaratilmoqda. Bu haqda Fintech & Banking – 2024 forumida regulyatorning ma’lumotlar arxitektori Rashid Sobitjonovga tayanib Kursiv Uzbekistan xabar bermoqda.
Markaziy bank ichida axborotni boshqarish roli
Uning soʻzlariga koʻra, platforma ma’lumotlarni tavsiflash va tuzish, hisobotlar yaratish, banklardan va boshqa tashkilotlardan zarur ma’lumotlarni avtomatik ravishda olish imkonini beradi. Hozirda loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi, uning doirasida yagona ma’lumotlar modeli va ma’lumotlarni boshqarish rejasi ishlab chiqildi. Bu tizim Markaziy bank ichida axborotni boshqarish roli va tuzilishini oʻz ichiga oladi.
Hisobotlarni mustaqil boshqarish imkoniyati
Ta’kidlanishicha, yangi platforma ma’lumotlarni boshqarishda shaffoflikni ta’minlaydi va Markaziy bank bilan tijorat banklari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni osonlashtiradi. Platformani joriy etish biznes foydalanuvchilarga har bir oʻzgarish uchun dasturchilar yordamiga murojaat qilmasdan, hisobotlarni mustaqil boshqarish imkonini beradi.
Yangi tizim nazorat-tahlil ishlarini yaxshilaydi va qoʻlda bajariladigan ishlarni kamaytirib, banklar va tashkilotlar bilan aloqa qilish uchun yagona kanalni taqdim etadi. Jarayonni 2027-yilga qadar yakunlash rejalashtirilgan.



