$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Brendlar “eski o‘yin” qoidalaridan voz kechmoqda

Market news

Marketing va reklama bozori tez o‘zgaryapti. Yakuniga yetayotgan hafta davomida yirik global brendlar bir qator strategik qarorlarni e’lon qildi. Endi marketing byudjetlarini kengaytirish va iste’molchi bilan shunchaki “sotuvchi-mijoz” munosabati emas, balki shaxsiy hissiy bog’liqlik o’rnatish ustuvor vazifaga aylanib qolyapti. Klassik bannerlar va bir martalik kampaniyalar asta-sekin samarasini yo‘qotmoqda. Hatto eng konservativ brendlar ham eski marketing qoliplarini o‘zgartirishga majbur bo‘lyapti.

Quyida haftaning eng muhim va e’tiborga molik marketing yangiliklari “obzor”i.

Netflix ham TikTok formatiga o‘tyapti

Haftaning eng shov-shuvli yangiliklaridan biri — Netflix striming giganti tomonidan “Clips”funksiyasining taqdim etilishi bo‘ldi. Endilikda foydalanuvchilar platformadagi film va seriallarning eng qiziqarli, kulminatsion lavhalarini vertikal tasma shaklida ko‘rib chiqishlari mumkin. Agar lavha qiziqish uyg‘otsa, birgina harakat bilan to‘liq epizodga o‘tish imkoniyati yaratilgan. Ushbu funksiya 1-maydan boshlab AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston va Janubiy Afrika kabi yirik bozorlarda ishga tushirildi. Yaqin oylarda global miqyosda ommalashishi kutilmoqda.

Netflix foydalanuvchilarni cheksiz menyular orasida adashib yurishdan qutqarish uchun TikTok formatini tanladi. Maqsad oddiy — yangi kontentni tomosha qilish jarayonini osonlashtirish va foydalanuvchini platformada ko‘proq ushlab turish.

Netflix mahsulot va texnologiyalar bo‘yicha bosh direktori Elizabeth Stone ta’kidlaganidek: “Mobil foydalanuvchilarimiz o‘zlariga yoqqan kontent bilan tez va samarali bog‘lanishlari biz uchun ustuvor vazifa. Clips orqali biz zamonaviy insonlarning smartfonda vaqt o‘tkazish odatlarini inobatga olgan holda butunlay yangi tajriba yaratmoqdamiz.” Kelajakda ushbu funksiya podkastlar va jonli efirlar bilan boyitilishi kutilmoqda.

Kinodan savdo rastasigacha: Prada effekti

2026-yil 1-mayda katta ekranlarga chiqqan “The Devil Wears Prada 2” filmi nafaqat kinematografiya, balki zamonaviy marketing darsliklari uchun ham yangi sahifa ochdi. Brendlar ushbu film atrofida shunchaki reklama emas, balki yaxlit bir hamkorlikni qurishdir.

Brendlarning kreativ yondashuvlari:

Starbucks

  • Film qahramonlarining xarakteridan kelib chiqib maxsus menyu ishlab chiqdi. Masalan, Miranda Pristli uslubidagi “No foam, extra shot, extra hot” lattesini yoki Endi Saksning oddiygina oatmilk cappuccinosini buyurtma qilish orqali muxlislar o‘zlarini afsonaviy “Runway” jurnali ofisidagidek his qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

Grey Goose

  • Brend “The Devil’s Roast” nomli eksklyuziv espresso-martini kokteylini taqdim etdi. Supermodel Heidi Klum ishtirokidagi kreativ videolar va kinoteatrlar yaqinidagi maxsus tadbirlar orqali ichimlik sotuvlari rekord darajaga yetdi.

Samsung va Galaxy S26 Ultra

  • Bu hamkorlik eng muvaffaqiyatli texnologik keyslardan biriga aylandi. Film epizodlaridan birida qahramon favqulodda topshiriq oladi: u ma’lum bir kiyimni zudlik bilan topishi kerak. U Galaxy S26 Ultra’ning “Circle to Search” funksiyasi yordamida ekrandagi tasvirni aylanaga oladi va soniyalar ichida brend nomi va sotuv nuqtasini aniqlaydi. Bu funksiyani namoyish etishning eng tabiiy va samarali usuli bo‘ldi.

Shuningdek, Spotify, TRESemmé va Google kabi gigantlar ham ushbu kinokampaniyaga o‘ziga xos tarzda integratsiya bo‘lishdi. Bu keys shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy marketing endi shunchaki “ko‘rsatish” emas, balki brendni storytelling ajralmas qismiga aylantirishdir.

Canva “ulkan olmaxon” bilan PR qildi

Haftaning yana bir yirik voqeasi Canva platformasi tomonidan amalga oshirildi. Kompaniya o‘zining yangi — “The thing that makes anything a thing” deb nomlangan brend kampaniyasini Bruklin ko‘prigi parkida paydo bo‘lgan ulkan va sirli olmaxon haykali bilan boshladi.

Bu oddiy haykal emas, balki Canva’ning e’tibor tortishga qaratilgan PR kampaniyasi edi. Park atrofida xayoliy “Olmaxonlar” harakati paydo bo‘ldi: kimdir olmaxonlar uchun to‘qilgan telpakchalar sotgan bo‘lsa, boshqalar olmaxonlar xorini tashkil qildi. Ijtimoiy tarmoqlar esa bitta savol bilan to‘lib toshdi: “Bu olmaxonlar bilan nimalar bo‘lyapti?”. Bularning barchasi Canva AI 2.0 imkoniyatlarini namoyish etishga qaratilgan edi. Endi foydalanuvchilar shunchaki o‘z g‘oyasini yoki xomaki konsepsiyasini yozishsa kifoya — SI buni bir necha soniyada tayyor dizaynlarga aylantirib beradi. Canva iste’molchilar marketingi bo‘yicha global rahbari Kristin Segrist aytganidek; “Bu butun dunyo uchun taklifdir. G‘oyangiz qanchalik katta yoki g‘alati bo‘lishidan qat’i nazar, uni dunyo ko‘radigan, ulashadigan va ishtirok etadigan narsaga aylantiring”.

Target mikro-blogerlarga o‘tyapti

AQShning eng yirik savdo tarmoqlaridan biri bo‘lgan Target, ijtimoiy tijoratga moslashish maqsadida influenserlar bilan ishlash tizimini tubdan o‘zgartirdi. Kompaniya endi auditoriyasi katta bo‘lgan yulduzlar bilan bir qatorda, “mikro-kreatorlar”ga ham alohida e’tibor qaratadi. Yangi strategiyaga ko‘ra:

Club Target

  • Yangi “Club Target” dasturi TikTok va Instagramda 500–5000 obunachiga ega foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan. Unda o‘yin elementlari qo‘llanadi: ishtirokchilar topshiriqlar bajaradi, ochko yig‘adi va sovg‘alar yoki bonuslarga ega bo‘ladi.

Target Ambassadors

  • “Target Ambassadors” dasturi esa professional influenserlar uchun mo‘ljallangan. U LTK platformasi bilan hamkorlikda ishlaydi va yirik kontent yaratuvchilarni birlashtiradi. Kompaniya bu orqali TikTok Shop kabi platformalar bilan raqobatda ortda qolmaslikni maqsad qilmoqda.

Marketologlar uchun yangi SI yordamchi

Opal kompaniyasi marketing jamoalari uchun Gem nomli yangi AI yordamchisini taqdim etdi. Platforma brend strategiyasi va kundalik marketing ishlarini bir tizimga birlashtirishga qaratilgan. Gem marketing ma’lumotlarini brend qoidalariga mos ravishda tahlil qiladi. Shuningdek, u avvalgi kampaniyalarni eslab qoladi va muvaffaqiyatli loyihalarni yangi rejalar bilan bog‘lashga yordam beradi. Platforma marketing natijalarini tahlil qilish imkoniyatini ham taklif qiladi. Kompaniya ma’lumotlar yopiq va xavfsiz infratuzilmada saqlanishini ta’kidlamoqda.

Ushbu haftadagi jahon marketing manzarasi bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatib berdi. Brendlar endi shunchaki “shov-shuv” ketidan quvmayapti, balki SI va insoniy munosabatlar o‘rtasida ko‘prik qurmoqda. Netflix bizning raqamli odatlarimizga moslashayotgan, Target esa oddiy mijozni brend elchisiga aylantirayotgan bir paytda, marketing endi mahsulot sotish emas, balki iste’molchi hayotining ajralmas qismiga aylanish san’ati ekanini isbotlamoqda. Sifatli raqamli vositalar va mas’uliyatli yondashuv — zamonaviy bozorning asosiy qurolidir.

O‘zbekistonda-chi? Nima gap?

Global brendlar odamlar e’tiborini ushlab qolish uchun TikTok formatlari, AI va kreativ storytelling‘ga o‘tayotgan bir paytda, O‘zbekistonda esa tadbirkorlar hanuz eng oddiy marketing vositasi — peshlavha uchun kurashishga majbur bo‘lyapti. So‘nggi haftalarda Toshkentdagi tadbirkorlarning peshlavha muammosi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto turkiyalik tadbirkorlardan biri peshlavhalarning majburiy olib tashlanishini tanqid qilib, “O‘zbekistonni Shimoliy Koreyaga aylantiryapsiz”, deya fikr bildirgandi.

Aslida bu oddiy dizayn masalasi emas. Bu — biznesning ko‘rinishi, mijoz bilan birinchi kontakti va eng sodda marketing vositasi haqida gap.

Oradan ko‘p o‘tmay, masala prezident darajasiga olib chiqildi. Endi peshlavhani reklama deb baholash va unga alohida “reklama pasporti” rasmiylashtirish tartibi bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Tayyorlanayotgan yangi hujjat loyihasiga ko‘ra, tadbirkor o‘z binosining tashqi qismida do‘koni yoki xizmat turi haqida oddiy axborot joylashtirsa, bu reklama hisoblanmaydi. Masalan, “Dorixona”, “Sartaroshxona”, “Milliy taomlar”, “Supermarket” kabi yozuvlar uchun endi ortiqcha ruxsatnoma va to‘lov talab qilinmaydi.

Shuningdek:

— dizayn-kod talablari bosqichma-bosqich joriy etilishi;

— tadbirkorlar fikri inobatga olinishi;

— kompaniya transportlariga savdo belgilarini joylashtirish tartibi soddalashtirilishi ham rejalashtirilmoqda.

Теги :
Jamiyat