$
 12967.00
11.74
 13352.12
25.04
 126.49
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston tarixidagi eng yirik yong‘inlar

yong

Olov – tilsiz yov. Agar olov vaqtida jilovlanmasa ayanchli oqibatlarga olib kelishi va insonlar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Har kuni dunyoning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan yong‘inlar oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lmoqda. O‘zbekiston o‘rmonlarga boy hudud bo‘lmasa-da, mamlakat tarixida ham yirik yong‘inlar sodir bo‘lgan.

Yaqin tarixdagi eng yirik bozor yong‘inlari

2020-yil 5-fevral. Surxondaryo — Boysun tumanidagi Ibodullo bobo savdo kompleksida yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda jami savdo kompleksidagi 253 ta savdo do‘konidan 36 tasi yonib ketgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati tarqatgan xabarda “Yong‘in sababi aniqlanmoqda. Qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi” deyilgan bo‘lsa-da, Boysundagi yong‘inga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan.

2020-yil 7-mart. Toshkent — Shu kuni tunda Parkent tumanidagi dehqon bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘inni o‘chirishga 11 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 10 dan ortiq yordamchi texnika jalb qilingan.

Dastlabki xulosalarga ko‘ra, yong‘inning kelib chiqishiga elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan. FVV matbuot xizmati yong‘in oqibatida qancha tadbirkor zarar ko‘rgani va nechta do‘kon yongani haqida ma’lumot bermagan.

2020-yil 22-iyul. Toshkent shahri — Olmazor tumani Qorasaroy ko‘chasi 314-uyda joylashgan qurilish mollari do‘konida yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda, qurilish mollari do‘konlarining 200 metr kvadrat maydoni yonib ketadi.

2020-yil 12-noyabr. Samarqand — Soat 18:25 larda Oqdaryo tuman markazi Loyish shaharchasining Amir Temur ko‘chasida joylashgan “Oqdaryo Savdo kompleksi” MChJga qarashli buyum bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Mazkur yong‘inda 14 ta do‘kon yonib ketgan. FVV mazkur hodisaga yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.

2020-yil 17-noyabr Andijon — Tunda Andijon tumanidagi Sultonobod “Yorboshi vodiy savdo” MChJga tegishli oshxona va savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda, 20 ta do‘kon yonib ketdi. Hodisaga yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.

2021-yil 13-iyun Samarqand — tunda Ishtixon tumani “Qora qo‘yli” MFY, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan “Ishtixon dehqon bozori” MChJ hududida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, qariyb 150 metr kvadrat maydonda qurilgan ochiq savdo rastasi yonib ketadi. Qizig‘i, aynan shu bozorda 2019 yilda ham yong‘in sodir bo‘lgan va savdo do‘koni yonib ketgandi.

2021-yil 31-avgust Samarqand — Bulung‘ur tumani “A.Temur” MFY Bulung‘ur shohko‘chasida joylashgan, “Bulung‘ur buyum savdo kompleks” MChJga qarashli ikki qavatli savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, MChJga qarashli 5 ta, unga tutash bo‘lgan 15 ta do‘kon yonib ketgan.

2021-yil 24-dekabr. Samarqand — soat 9:10 larda Urgut tumani “Mergancha” MFY hududida joylashgan Urgut kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda, 6 ta savdo do‘koni yonib ketgan.

2022-yil 21-iyul. Namangan — Tunda Namangan shahri markazidagi Chorsu bozorida yirik yong‘in sodir bo‘ladi. Rasmiy xabarda aytilishicha mazkur yong‘inda bozorning non rastasi shift hamda tom qismidan 600 metr kvadrat joyi va jihozlar, bozor hududiga tutash “Zulayho sanoat savdo” MChJga qarashli dorixona va uchta savdo do‘konining shift, tom qismidan 200 metr kvadrat joyi jihozlari bilan, jami 800 kvadrat metr maydon yonib ketgan. Yong‘inga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgani taxmin qilingan.

2022-yil 5-iyun. Samarqand — Narpay tumani “Sari bozor” MFYda joylashgan oziq-ovqat do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ladi. Garchi rasmiy ma’lumotda uchta do‘kon yongani aytilsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda o‘ndan oshiq do‘konlar yonayotgani tasvirlangan videolar tarqalgan.

2022-yil 19-oktyabr. Andijon — Sahar payti Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi” AJga qarashli do‘konlarda yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda bozor hududidagi 56 ta do‘kon yonib ketgan. Yong‘inga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgani taxmin qilingan.

2023-yil 12-iyun. Farg‘ona — Qo‘qon shahridagi “Buyuk Ipak yo‘li” savdo majmuasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida 5000 kvadrat metr maydon zarar ko‘rgan. Tadbir davomida yuzdan ortiq savdo do‘konlari yonib ketgan. Viloyat hokimligi tarqatgan dastlabki xabarda “Yong‘in tezlik bilan o‘chirilgan, zararni baholash ishlari olib borilmoqda” deyilgan bo‘lsa-da, voqea sababiga oid batafsil ma’lumot berilmagan. Boshqa manbalarga ko‘ra esa, yong‘in jami 4 soatga yaqin davom etgan. Hodisada halok bo‘lganlar yoki jiddiy jarohatlanganlar qayd etilmagan.

Sabablar

O‘zbekistondagi turli bozorlarda tez-tez sodir bo‘layotgan yong‘inlar haqida rasmiy xabar berilganda ayrim hollarda ularning kelib chiqish sabablari taxminan aytiladi. Qolganlarida “Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda”, deyiladi xolos.

Turli bozorlarda elektr simlari juda tartibsiz ravishda o‘tkazilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Bunda kimdir simlarni ochiq joyda devor bo‘ylab tortgan. Boshqasi hatto oyoq ostiga tashlab qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatda qizib ketgan simlar bozordagi tez yonuvchan narsalarning osongina o‘t olishiga sabab bo‘ladi.

Aslida aksariyat bozorlardagi savdo do‘konlarida simlar devor orasidan tortiladi. Biroq keyinchalik turli nosozliklar paydo bo‘lganda tadbirkorlarning aksariyati uni tuzattirish o‘rniga elektr simlarini ochiq joydan tortib kelishni afzal bilishadi. Oqibatda, bu qisqa tutashuv va yong‘inlarga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, aksariyat bozorlarda na sotuvchilar, na bozor ma’muriyati yong‘in xavfsizligi qoidalariga mutlaqo amal qilmaydi. Bozor hududida suv olish mumkin bo‘lgan joylar nomiga qilib qo‘yilgan. Yoki o‘t o‘chirish burchaklari qilinmagan. Qilinganlari ham talabga javob bermaydi.

Yangi bozorlar qurilayotgan vaqtda yer ostidan quvurlar yotqizilib, favqulodda vaziyatlarda suv olish uchun har-har joyda jo‘mrak o‘rnatilib ketsa bo‘ladi. Biroq aksariyat bozorlarda bunday qilinmagan. Bozor chetlarida suv saqlash sig‘imi qilib qo‘yilgan, biroq yong‘in bozorning narigi chekkasidan boshlansa, bunday sig‘imlardan suv olishning mutlaqo imkoniyati yo‘q. Eng xavotirlisi esa, bozorlarda o‘t o‘chiruvchi mashinalar kirib borishi uchun qo‘yilgan yo‘laklar egallab olingan

Bu ishda faqat o‘shanday joylarda savdo qilayotgan odamlarni ayblab bo‘lmaydi. Aksariyat bozorlarda, savdo komplekslarida rahbariyat yo‘laklar o‘rnini yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi odamlarga ijara shartnomasi bilan berib yuborgan. Natijada, yo‘laklar o‘t o‘chiruvchi mashinalar uyoqda tursin, odamlar zo‘rg‘a harakatlanadigan holatga kelib qolgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi odam ko‘p halok bo‘lgan yirik yong‘inlar

2019-yil 22-fevral. Samarqand — Samarqand viloyati Urgut tumani Do‘stlik mahallasi Yangiariq ko‘chasidagi uyda yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda xonadon egasining ikki nafar farzandi, kelini va ikki nafar nabirasi hayotdan ko‘z yumadi.

2019-yil 27-mart. Toshkent — Toshkent viloyati Chirchiq shahri “Bobur” MFYda joylashgan xonadonda yong‘in yuz beradi. Oqibatda, shu uyda yashagan oila a’zolaridan 4 nafari, ya’ni 33 yoshlik fuqaro, uning rafiqasi hamda ikki nafar – 8 va 12 yoshdagi farzandlari halok bo‘ladi.

2020-yil 17-fevral. Sirdaryo —Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani, Sardoba shaharchasi, “Ko‘rkam diyor” MFYda joylashgan xonadonda yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, bir oilaning 6 nafar a’zosi hayotdan ko‘z yumadi.

2021-yil 27-fevral. Toshkent — Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan “Shovotlandiya” milliy taomlari kafesida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, kafe binosi yonib ketadi.

Kafeda yashab ishlagan, voqea payti bino ichida uxlab yotgan ikki erkak va uch ayol is gazidan zaharlanib, tananing 100 foizi 3-4 darajali termik kuyib halok bo‘lgan holda topiladi.

Tergov davomida yong‘in qasddan sodir etilgani ma’lum bo‘lgan. Kafeni qasddan yoqib yuborgan shaxs bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan idishdagi suyuqlikni sepgani, yana bir idishdagi suyuqlikni esa bino ichkarisiga otgani, binoga o‘t qo‘ygach alanga chiqishini kuzatib, yong‘in avjiga chiqqach, voqea joyini tark etgani aniqlangan.

Sud hukmi bilan yong‘inni uyushtirgan ikki kishiga umrbod qamoq jazosi beriladi.

2022-yil 15-avgust. Qashqadaryo — A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov xalqaro avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidan o‘tgan qismida Spark va Gentra mashinalari o‘zaro to‘qnashadi va yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda har ikki mashinada bo‘lgan 8 kishi tiriklay yonib ketadi.

2023-yil 29-iyul. Farg‘ona — Farg‘ona shahridagi “Mash’al” mahallasida joylashgan 4 qavatli binoning yerto‘lasida joylashgan karaoke kafesida yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada 6 kishi halok bo‘ldi, 7 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yuborilgan.

Теги :
Jamiyat