$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

Siyosatchiga aylangan shifokor — Bashar Asad

Bashar Asad

Bashar Asad — Suriyaning sobiq prezidenti va "Baas" partiyasi mintaqaviy rahbariyatining bosh kotibi, alavitlar (nusayriylar) jamoasi a’zosi. 1994-yilda u Suriya prezidenti Hofiz Asadning vorisi bo‘ladi va 2000-yilda, otasining vafotidan so‘ng "Baas" partiyasining Suriya bo‘limiga rahbarlik qiladi hamda mamlakatning yangi prezidenti etib saylanadi. 2007-yilga kelib, u qaytadan prezident etib saylanadi.

Asadlar oilasi va davlat to‘ntarishi 

Bashar Asad 1965-yilning 11-sentyabrida Damashqda tug‘ilgan. U brigadir general, Suriya HHK va Havo mudofaasi qo‘mondoni, hamda "Arab sotsialistik uyg‘onish partiyasi" ("Baas") a’zosi Hofiz Asadning oilasida tug‘ilgan. Uning otasi 1970-yil noyabrida harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatni qo‘lga kiritgan va 1971-yil mart oyida prezident etib saylangan. Bashar Asadning oilasi alavitlar jamoasidan bo‘lib, bu toifa Suriya aholisining 10-12 foizini tashkil etadi. Alavitlar sunniy va shialik mazhablariga ko‘ra, e’tiqodiy nuqtayi nazardan ortodoksal deb hisoblanmaydi, chunki ularda ruhlarni ko‘chishiga ishonish, quyosh va oyni hurmat qilish, hamda xristianlik bayramlarini nishonlash kabi alohida diniy xususiyatlar mavjud. 

Basharning bolaligi

Bashar Asadning bolaligi katta oilada o‘tgan, u oilasida uchinchi farzand bo‘lgan. Uning oilasida bir opasi, ikki ukasi va bir akasi bo‘lgan. Otasi davlat ishlari bilan band bo‘lgani sababli, uning tarbiyasi asosan onasiga yuklangan. Asad elit arab-fransuz litseyida ta’lim olgan va ingliz hamda fransuz tillarini yaxshi o‘zlashtirgan. 1988-yilda Bashar Asad universitetni a’lo baholar bilan tamomlaydi va Damashq yaqinidagi eng yirik harbiy gospital "Tishrin"da oftalmolog sifatida ish boshlaydi. 1991-yilda (boshqa manbalarga ko‘ra, 1992-yilda) u Buyuk Britaniyaga malaka oshirish uchun jo‘nab ketadi. U Londonning Paddington tumanida joylashgan Western Eye Hospital oftalmologiya markazida stajirovka o‘tadi. U xorijda prezidentning o‘g‘li ekanligini yashirish uchun psevdonimdan foydalangan. Bashar Asad xalqaro ilmiy simpoziumlarda ishtirok etar va o‘z vaqtini ko‘proq harbiylar va siyosatchilar bilan emas, suriyalik intellektual qatlam bilan o‘tkazardi. Shuningdek, u oftalmologiya bilan bir qatorda informatikaga ham qiziqqan.

Yo‘qotishlar va burilish nuqtasi

1994-yil fevralida Bashar Asad Londondan Suriyaga qaytadi, chunki 1994-yil 21-yanvarda uning akasi Basel avtomobil halokatida halok bo‘ladi. Basel bir necha yillar davomida otasi tomonidan prezidentlikka voris sifatida tayyorlanayotgan edi. Bashar akasi o‘limidan so‘ng, uning nomzodi voris sifatida ko‘tarila boshlaydi. Hofiz Asad avval o‘z katta o‘g‘li Baselni prezidentlikka tayyorlagan, chunki u yoshlar orasida mashhur va harbiylarning hurmatini qozongan edi. Lekin Baselning vafotidan so‘ng, Hofiz Asad voris sifatida Basharni tanlaydi, chunki uning boshqa o‘g‘illari – Mohir o‘zining tezkor xarakteri bilan ma’lum bo‘lgan va Majid esa giyohvand moddalar bilan bog‘liq mojarolarda ishtirok etgan edi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Basharning nomzodini general Baxjat Sulaymon taklif qilgan. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Hofiz Asad o‘z vorisini mustaqil tayinlay olmas edi, chunki Suriya rejimi avtoritar bo‘lishiga qaramay, prezident xalq va "Baas" rahbariyati fikri bilan hisoblashishi kerak bo‘lgan.

Prezidentlikkacha bo‘lgan yo‘l

Shunday qilib, Bashar Asad tibbiy kasbini tark etib, otasining vorisi bo‘lish uchun tayyorgarlikni boshlaydi. U Homs shahridagi harbiy akademiyaga o‘qishga kiradi va Respublika gvardiyasi diviziyasiga kapitan sifatida qabul qilinadi. Otasi unga tajribali generallarni o‘qituvchi sifatida biriktirib qo‘ygan va u maxsus dastur asosida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, 1994—1995-yillarda uning shaxsiy harbiy maslahatchisi rossiyalik ofitser bo‘lgan. 1995-yilda u tank bataloniga qo‘mondonlik qiladi. 1996-yilda mayor unvonini oladi va 1997-yilda shtab kurslarini a’lo baholar bilan tamomlab, harbiy ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirgandan so‘ng podpolkovnik unvoniga erishadi. U Respublika gvardiyasi qo‘mondoni etib tayinlanadi. 1999-yil yanvarda esa polkovnik unvonini oladi. Asad Harbiy faoliyat bilan birga, davlat ishlari bilan ham shug‘ullangan. U otasining siyosiy maslahatchisi bo‘lgan, fuqarolarning shikoyatlari va murojaatlarini ko‘rib chiqish byurosini boshqargan va korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasiga rahbarlik qilgan. Bu kampaniya davomida Hafiz Asad o‘g‘li uchun ehtimoliy raqobatchilardan xalos bo‘lgan. Kampaniyani samarali olib borish uchun Bashar Asadga ichki xavfsizlik xizmati mutaxassislari biriktirilgan va u qonunbuzarliklar uchun qamalgan shaxslarni afv qilish huquqiga ega bo‘lgan.

Xalqaro aloqalar

Bashar Asad tashqi siyosat masalalari bilan shug‘ullanmagan, ammo Suriya va Livan munosabatlarini nazorat qilishni boshlagan, bu Suriyaning ichki ishlari deb hisoblangan. Ilgari bu vazifani vitse-prezident Abdel Halim Haddam bajargan. Asad Suriyada Livan vazirlari, parlament deputatlari va yetakchi tadbirkorlarni qabul qilar, shuningdek, Livanga tashrif buyurib, u yerda prezident, bosh vazir va parlament raisi bilan uchrashuvlar o‘tkazardi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Asad Livan generali Emil Lahudning prezidentlikka saylanishi va 1998-yilda bosh vazir Rafiq Haririyning iste’foga chiqishiga bevosita ta’sir qilgan. 1999-yilda Asad o‘zining ilk diplomatik safarini arab mamlakatlariga uyushtiradi (Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Bahrayn va Ummon), so‘ng Fransiyaga tashrif buyuradi va otasi o‘rniga xorijiy delegatsiyalarni qabul qila boshlaydi. 1994-yilda Asad Suriya kompyuter jamiyatini, ya’ni informatika assotsiatsiyasini boshqaradi. Bu tashkilot yoshlarni axborot texnologiyalarini o‘rganishga jalb qilish, konferensiya va ko‘rgazmalar uyushtirish bilan shug‘ullangan. Uning sa’y-harakatlari tufayli 1998-yil oxirida Suriyada internet paydo bo‘ladi, 2000-yil yanvar oyida esa mobil aloqa joriy etiladi. 

Bashar Asad imiji

Ekspertlar fikriga ko‘ra, Asad o‘z imijini sezilarli darajada o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ladi: u yumshoq muomalaga ega, oddiy oftalmologdan energiyaga to‘la, halol va adolatli siyosatchiga aylanadi. Shu bilan birga, suriyaliklar uni "doktor Bashar" deb atayveradilar. Bu Suriyada faqat vrachlarga emas, balki ta’limli insonlarga nisbatan ham ishlatiladigan murojaat turi edi.

Tezkor o‘zgarishlar

 Shu vaqtda Bashar Asad otasining salomatligi yomonlashib boradi. 1999-yil oxirida Hofiz Asad Suriyada hukmron bo‘lgan "Baas" partiyasining o‘tkazilishi rejalashtirilgan qurultoyini o‘tkaza olmaydi, unda uning o‘g‘lini partiya rahbariyatiga qo‘shish ko‘zda tutilgan edi. 2000-yil 10-iyunida Hofiz Asad yurak yetishmovchiligidan vafot etadi. O‘sha kuni parlament prezidentlikka nomzodlar uchun minimal yosh talabini 40 dan 34 ga tushiradi. 2000-yil 11-iyunida Suriyaning vaqtincha prezidenti, vitse-prezident Haddam Bashar Asadga general-leytenant unvonini beradi va uni armiyaning oliy qo‘mondoni etib tayinlaydi. 2000-yil 17–20-iyun kunlari Damashqda "Baas" partiyasining qurultoyi o‘tkaziladi. Unda Bashar Asad otasi o‘rniga partiyaning bosh kotibi etib saylanadi va prezidentlik lavozimiga yagona nomzod sifatida ko‘rsatiladi. 2000-yil 27-iyunda uning nomzodi parlament tomonidan ma’qullanadi va u mamlakatning vaqtincha prezidenti etib tayinlanadi.

Inauguratsiya nutqi

2000-yilning 10-iyulida Asadning prezidentlik lavozimiga saylanishi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Unda Asad 97,29% ovoz oladi. Uning tarafdorlari qonlari bilan "haq" degan belgi qo‘yib ovoz berishgan. 2000-yil 17-iyulida Bashar Asad prezident lavozimiga qasamyod qiladi. Uning inauguratsiya nutqida mamlakat iqtisodiyoti va modernizatsiya masalalari, 1967-yil Arab-Isroil urushi davomida Isroil tomonidan egallab olingan Golan tekisligini qaytarish, hamda Livandagi "Hizbulloh" harakatini qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z yuritiladi. 

Asma Ahras

2000-yil dekabrida Asad alavitlar jamoasidan bo‘lgan Asma Ahrasga uylanadi. Asma Suriya sunniylarining obro‘li oilasidan bo‘lib, iqtisodchi va kompyuter texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis edi. U Buyuk Britaniyada tug‘ilib o‘sgan. Asad u bilan Londonda stajirovka o‘tayotgan paytda tanishgan. Asma birinchi xonim bo‘lish uchun Londondagi "Doyche Bank" filialidagi ishini tark etgan, biroq ikki fuqarolikni saqlab qolgan va shaxsiy safarlar bilan Londonga tez-tez tashrif buyurgan. Bashar Asad va Asma Asadning ikki o‘g‘il va bir qiz farzandi bor.

Prezidentlikdagi ilk yillar

Bashar Asad hukmronligining birinchi yilida bir guruh siyosiy mahbuslar ozod qilinadi. Suriyada ilk mustaqil gazetalar chiqarila boshlaydi, siyosiy forumlar tashkil etiladi, nodavlat universitetlar paydo bo‘ladi. Damashqda xususiy banklar va fond bozori faoliyati boshlanadi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Bashar Asad o‘z otasidan farqli ravishda davlat tizimini liberallashtirishga qaror qiladi. 1990-yillarning birinchi yarmidayoq "Baas" partiyasining Suriya bo‘limida yangi siyosiy platforma ishlab chiqila boshlangan edi. Bu platforma favqulodda holat rejimini bekor qilish, ko‘ppartiyaviylikni joriy etish va fuqarolik jamiyati tuzilmalarini yaratishni nazarda tutardi. Ammo Hofiz Asad qurolli kuchlar va maxsus xizmatlarni depolyarizatsiya qilish takliflarini rad etgan, chunki "Baas"ning o‘z qurolli tuzilmalari yo‘q edi. Bashar Asad esa yuqori rahbarlik lavozimlariga tayinlovlardan voz kechib, partiya ichidagi saylov tizimini tiklaydi va saylovchilarga o‘rta darajadagi partiya xodimlarini vazifadan olib tashlash huquqini beradi. 2002-yilda Patriotik xalq fronti (PXF) nizomiga o‘zgartirish kiritiladi. Bu o‘zgartirish "Baas" partiyasining jamiyatda siyosiy faoliyat yuritish bo‘yicha monopoliya huquqini bekor qiladi. 2003-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida nafaqat PXF a’zolari, balki mustaqil nomzodlar ham ishtirok etadi, ularning aksari Suriya biznesi vakillari bo‘lgan. 

Yangi hukumat tuzish

2001-yil dekabrida Asad Mustafo Mir hukumatining iste’fosini qabul qiladi va unga yangi hukumat tuzishni topshiradi. Yangi kabinet asosan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolik xizmatchilariga xoslangan bo‘ladi. Bu ko‘p yillar davomida Suriyadagi ilk fuqarolik hukumati edi. 2003-yil sentyabrida Asad yana Mustafo Mir hukumatini iste’foga chiqaradi va yangi kabinetni liberal islohotlar tarafdori bo‘lgan parlament raisi Muhammad Nadji Atariga shakllantirishni topshiradi. 2000-2004-yillarda Asad 15 foiz yuqori lavozimli amaldorlarni almashtiradi, asosan harbiylarni. Shu bilan birga, ba’zi ekspertlarning fikriga ko‘ra, Asadning liberal islohotlari tizimli va uzluksiz bo‘lmagan. Masalan, 2001-yilda "Damashq bahori" islohotchi harakatining a’zolari qamoqqa olingan. Ular faqat islohotlarni emas, balki mamlakatda 1962-yildan beri davom etib kelayotgan favqulodda holatni bekor qilishni ham muhokama qilishgan. 

AQSh bilan munosabatlarning sovishi

Asad davrida Suriyaning asosiy dushmanlari AQSH va Isroil bo‘lib qolgan. 2001-yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng Vashingtonning Damashqqa bo‘lgan munosabati biroz o‘zgarganday bo‘ladi, ammo 2003-yildagi Iroq urushi boshlanganidan keyin AQSH yana Suriyani nizoga aralashishda va Yaqin Sharq terroristik guruhlarini qo‘llab-quvvatlashda ayblay boshlaydi. 2004-yil may oyida Jorj Bush Suriyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qiladi. 2001-yil iyunida Asad "Hizbulloh" bosh kotibi Hasan Nasralla va Eron vitse-prezidenti Hasan Habibini Hofiz Asadning xotira marosimida Isroilga qarshi kurashni tiklash va kuchaytirishga chaqiradi. 

Suriya va Isroil munosabatlari

2003-yil oxirida Asad Isroil bilan 2000-yilda to‘xtatilgan muzokaralarni qayta boshlashni taklif qiladi. Bu muzokaralar Golan tekisligi masalasini hal qilishni nazarda tutardi. Avvalida Asad muzokaralarni oldin erishilgan kelishuvlar asosida olib borishga rozi bo‘lgan, ammo keyinchalik bu pozitsiyasidan voz kechadi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Asadning muzokaralarni qayta boshlashga harakat qilishi Suriya, Eron va "Hizbulloh" o‘rtasidagi antiisroil frontidagi munosabatlarni murakkablashtirishi mumkin bo‘lgan. 2005-yil boshida Suriya va Isroil o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlardagi yagona "o‘zgarish" Isroil olmalarini Suriyaga bevosita yetkazib berish kelishuvi bo‘lgan, bu avval Iordaniya orqali amalga oshirilardi. 2006-yil yozida Livan-Isroil nizosi boshlangandan so‘ng, Asad Isroilni "terroristik davlat" deb ataydi va Isroi tomoni Livanning Qana qishlog‘ini bombardimon qilganini qoralaydi. U hatto rezervchilarni safarbar qilish haqida e’lon qiladi. Isroil qiruvchi samolyotlari "Hizbulloh" otryadlariga qurol-yarog‘ yetkazib berish yo‘llarini to‘sish uchun Livan hududlarini bombardimon qiladi. Shu bilan birga, Suriya havo mudofaa tizimlari Livan-Suriya chegarasida paydo bo‘lgan Isroil razvedka samolyotlariga o‘t ochadi. Biroq, Suriya Isroilga rasman urush e’lon qilmaydi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Asad bu nizoga aralashishni istamaydi, chunki u Golan tekisligini qaytarib olish imkoniyatini yo‘qotishni xohlamagan.

Ikkinchi muddat

Ba’zi ekspertlar 2007 yilgi prezident saylovlarini alternativ asosda o‘tishi mumkin edi, deb hisoblagan. Ammo 2007-yil 10-mayda Asadning prezidentlikka yagona nomzod sifatida ko‘rsatilgani parlament tomonidan ma’qullanadi. 2007-yil 27-mayda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida 12 millionga yaqin saylovchining 96,9 foizi ishtirok etadi. Ularning 97,62 foizi Asadni qo‘llab-quvvatlaydi, faqat 19 653 kishi qarshi ovoz beradi. 2007-yil 17-iyulida Asadning birinchi prezidentlik muddati yakunlanadi va u rasman mamlakat prezidenti lavozimiga qayta saylanadi. Navbatdagi prezident saylovlari 2014-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Isroil bilan navbatdagi aloqalar

2008—2010-yillarda Suriya va Isroil o‘rtasida tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga harakat qilinadi. 2008-yilda Turkiya vositachiligida Damashq o‘z talablarini yumshatgani haqida xabar qilinadi. Isroil egallab olgan Golan tekisligi va Kineret ko‘li yaqinidagi kichik yer uchastkalari qaytarilishi masalasida Suriya yomonlashtirilgan shartlarga rozi bo‘lgan. Shu bilan birga, Isroil Suriyadan Eron bilan harbiy aloqalarni to‘xtatishni talab qiladi. Biroq, 2008-yil oxirida G‘azo sektorida Isroilning "Quyilgan qo‘rg‘oshin" amaliyotini boshlangani sababli muzokaralar to‘xtatiladi. 2011-yil fevralida Asad Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rayotganini e’lon qiladi. 

Ilk qarshiliklar

2011-yil yanvar-fevral oylarida Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqning bir qator mamlakatlarida siyosiy to‘lqinlar sodir bo‘ladi. Ular tufayli Tunis prezidenti Zin al-Obidin ben Ali va Misr prezidenti Husni Muborak iste’foga chiqadi. Liviyada esa muxolifatchilar va Muammar Qaddafiy tarafdorlari o‘rtasidagi nizo BMTning harbiy aralashuviga olib keladi. 2011-yil yanvar oxirida Suriyada favqulodda holatni bekor qilish va siyosiy islohotlarni talab qilgan mitinglar boshlanadi. Mart oyida ular politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanadi, natijada yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgani xabar qilinadi. Namoyishlar davom etdi, Asad tartibni tiklash uchun Daraa viloyati gubernatorini iste’foga chiqaradi. Viloyatda yuz bergan to‘qnashuvlarda, manbalarga ko‘ra, 10 dan 100 kishigacha halok bo‘lgan. 2011-yil 24-martda Suriya hukumati aholi turmush darajasini yaxshilash, korrupsiyaga qarshi kurash va siyosiy tizimni liberallashtirishga qaratilgan radikal siyosiy islohotlar o‘tkazishni va’da qiladi. Shundan so‘ng, Suriya konstitutsiyasidan "Baas" partiyasining jamiyat va davlat boshqaruvida yetakchi o‘rinda ekanligini belgilaydigan modda chiqarib tashlanadi.

Tashqi cheklovlar va ichki keskinlashuv

2011-yil 29-martda Asad hukumat iste’fosini qabul qiladi. 2011 yil aprel oyida yangi vazirlar kabineti tashkil etilganiga qaramay, namoyishlar davom etaveradi. 21-aprel kuni Asad favqulodda holatni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolaydi. Biroq bu ham vaziyatni tinchitmaydi, chunki armiya aralashuvi oqibatida qurbonlar soni ko‘payadi. 2011 yil may oyi o‘rtalarida muxolifat ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar soni ming nafarga yetgan. AQSH va Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalar joriy qiladi, qurol-aslaha eksport qilishni taqiqlaydi, hisoblarni muzlatdi va hukumat amaldorlariga viza berilishini cheklaydi. Sanksiyalar hatto Bashar Asadning o‘ziga ham ta’sir qiladi. 2011 yil 4-avgustda Bashar Asad mamlakatda ko‘ppartiyaviylikni joriy etish haqidagi farmonni imzolaydi. Bu farmon iyul oyi oxirida Suriya hukumati tomonidan ma’qullangan edi. Shu vaqtga kelib, namoyishlar boshlanganidan beri turli baholarga ko‘ra, 1500 dan 2100 nafargacha fuqarolar, shuningdek, 350 dan 500 nafargacha harbiy va politsiya xodimi halok bo‘ladi. 2011 yil sentyabr oxirida Buyuk Britaniya, Fransiya va Portugaliya AQSH qo‘llovi bilan Suriyaga qarshi sanksiyalar joriy etishni ko‘zda tutuvchi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasini ovozga qo‘yadi. Loyiha avtorlari Asadga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri chaqiriqlardan voz kechgan bo‘lsa-da, 2011 yil oktyabr oyida Rossiya va Xitoy unga veto qo‘yadi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin veto sababini loyihada Suriyaga qurolli aralashuvni istisno qiluvchi moddaning yo‘qligi bilan tushuntiradi. 2011 yil 12-noyabrda Suriyaning Arab davlatlari Ligasidagi (ADL) a’zoligi to‘xtatiladi. Ko‘p o‘tmay, liga mamlakatga iqtisodiy sanksiyalar kiritadi. Sanksiyalar qatoriga Suriya bilan havo qatnovini vaqtincha to‘xtatish, Markaziy bank va Tijorat banki operatsiyalarini cheklash, davlat moliyaviy aktivlarini muzlatish kiradi. Asad va uning 16 nafarga yaqin hamkorlariga boshqa arab davlatlariga kirish taqiqlandi va ularning hisoblari muzlatildi.

Tashqi aralashuvlar vaziyatni yumshatadi, lekin...

Ayni shu vaqtda Turkiyada Suriya muxolifatining ikki asosiy harakati — Suriya milliy kengashi va Suriya ozod armiyasi o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirishga kelishib oladi. 2011-yil oktyabr oyida Liviya Suriya milliy kengashini rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ladi. 2011-yil noyabrda Fransiya hukumati Suriya milliy kengashini qonuniy muzokara sherigi sifatida tan oladi va hatto mamlakatni harbiy aralashuvga chaqiradi. Shu bilan birga, 2011-yil 30-noyabrda Rossiyaning Shimoliy floti kema guruhi Suriyaga yo‘l olgani haqida xabarlar tarqaladi. 2011-yil dekabrida Suriya ADL taklif qilgan tinchlik rejasiga rozi bo‘ladi. Bu reja hukumat qo‘shinlarini shaharlardan olib chiqish va siyosiy mahbuslarni ozod qilishni nazarda tutgan. Mamlakatga tashkilot kuzatuvchilari kiritiladi. Biroq, 2012-yil yanvar oxirida zo‘ravonliklarning kuchayishi sababli liga o‘z missiyasini to‘xtatadi.

Foydasiz islohotlar

2012-yil 4-fevralda Rossiya va Xitoy Marokash tomonidan taklif qilingan BMT Xavfsizlik Kengashining Suriya bo‘yicha yangi rezolyutsiyasini rad etish uchun veto qo‘yadi. Bu rezolyutsiya ADLning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlagan, biroq Asad hukumatiga qarshi sanksiyalar yoki prezident lavozimini tark etish talabini o‘z ichiga olmagan. Rossiya bu rezolyutsiyani "bir tomonlama" deb ataydi, chunki u faqat Suriya hukumatini zo‘ravonliklar uchun ayblagan edi. 2012-yil 15-fevralida Asad yangi konstitutsiya loyihasini ma’qullaydi, unga ko‘ra, mamlakatda "Baas" partiyasining yetakchi o‘rnidan voz kechilgan. 2012-yil 26-fevralida yangi asosiy qonun bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Rasmiy natijalarga ko‘ra, saylovchilarning 89 foizidan ortig‘i hujjatni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, muxolifat referendumni boykot qiladi va uni qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan sharoitda noqonuniy deb ataydi. 2012-yil 7-mayda mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Unda ilk bor bir nechta partiyalar ishtirok etadi, biroq yetakchi muxolifat kuchlari bu saylovlarni boykot qiladi. Natijada, 73 foiz parlament o‘rinlarini Asad tarafdorlari qo‘lga kiritadi. 

Ichki mojarolar

2012-yil 2-martda Yevropa Ittifoqi sammiti Suriya milliy kengashini "suriyaliklarning qonuniy vakili" sifatida tan oladi. Shu bilan birga, Suriyaning o‘zining islohotlariga qaramasdan, mamlakatdagi urush davom etar, tinch aholi o‘rtasida katta qurbonlar bo‘lardi. 2012-yil may oyida muxolifatchi shahar Hulada ayollar va bolalarni o‘z ichiga olgan 100 dan ortiq kishi o‘ldirilishi katta rezonansga sabab bo‘ladi. Asad bu qotillikni qoralaydi va unda "terroristlar"ni ayblaydi, ammo guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat Asad tarafdori bo‘lgan alavitlar tomonidan sodir etilgan. Shu voqea tufayli 2012-yil 29-mayda AQSH, Kanada, Avstraliya va Yevropa mamlakatlarining bir nechtasi Suriya diplomatlarini mamlakatlaridan chiqarib yuboradi. 2012-yil yozida Asad hukumatining ayrim amaldorlari muxolifat tomoniga o‘tishni boshlaydi. Jumladan, 2012-yil avgustda bosh vazir Riyad Hiҗob qochib ketadi. Unga ko‘ra, o‘sha vaqtda Suriya hukumati mamlakat hududining atigi 30 foizini nazorat qilar edi. Asosiy janglar armiya va muxolifat kuchlari o‘rtasida Suriyaning eng yirik shaharlari — Damashq va Halab uchun bo‘lib o‘tgan.

Теги :
Jamiyat