Chorshanba, 25-noyabr, 2026
Havo 105 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☀ +18° kechasi +5°

Markaziy Osiyoda OITSdan oʻlim koʻrsatkichi ortmoqda: Tashxis qo‘yilgan har uchinchi inson davolanishdan chetda qolmoqda

3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoda OITSdan oʻlim koʻrsatkichi ortmoqda: Tashxis qo‘yilgan har uchinchi inson davolanishdan chetda qolmoqda

Dunyo OIVga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishayotgan bir paytda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda teskari jarayon kuzatilmoqda. Mintaqada virusni yuqtirish va OITS bilan bog‘liq o‘lim holatlari ortib bormoqda. Eng tashvishlanarlisi, yuz minglab insonlar o‘zida OIV mavjudligini bilsa-da, zarur davolash muolajalarini olmayapti.

Nega zamonaviy tibbiyot imkoniyatlari kengayib borayotgan bir davrda mintaqada vaziyat hamon og‘irlashmoqda? BMTning yangi ma’ruzasi ushbu savollar ortida jiddiy va tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Dunyo va mintaqa: ikki xil manzara

2010-yildan buyon dunyoda OIV yuqishining yangi holatlari 42 foizga, OITS bilan bog‘liq o‘lim holatlari esa 57 foizga kamaygan. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda esa ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 17 va 11 foizga oshgan.

Birgina 2025-yilda mintaqada 120 ming kishida OIV aniqlangan, 43 ming inson esa OITS bilan bog‘liq kasalliklar oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Bugungi kunda mintaqada 2 millionga yaqin inson OIV bilan yashamoqda.

Dunyoda qayd etilayotgan har o‘ninchi yangi OIV yuqish holati aynan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hissasiga to‘g‘ri kelayotgani muammoning ko‘lamini ko‘rsatadi.

Tashxis bor, ammo davolanish yo‘q

Mintaqadagi eng jiddiy muammolardan biri — OIV bilan yashayotgan insonlarning davolash xizmatlari bilan yetarlicha qamrab olinmaganidir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, OIV bilan yashayotganlarning 83 foizi o‘z maqomidan xabardor. Biroq ularning umumiy soniga nisbatan atigi 56 foizi antiretrovirus terapiya olmoqda.

Qariyb 560 ming inson o‘zida OIV mavjudligini bilsa-da, tegishli davolash muolajalarini olmayapti. Bu tashxis qo‘yilgan har uchinchi inson davolanishdan chetda qolayotganini anglatadi.

Vaholanki, zamonaviy tibbiyot OIV bilan yashayotgan insonlarga uzoq va sifatli hayot kechirish imkonini beradi. Muntazam davolanish natijasida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushib, shu holatda saqlansa, OIV jinsiy yo‘l bilan yuqmaydi.

Ammo mintaqada virus yuklamasi susaytirilgan insonlar ulushi atigi 48 foizni tashkil etmoqda. Bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichdir.

Muammo faqat tibbiyot bilan bog‘liq emas

OIV tarqalishiga qarshi kurashda tibbiy imkoniyatlar bilan bir qatorda ijtimoiy va huquqiy muhit ham muhim ahamiyatga ega.

BMT mutaxassislari OIV bilan yashayotgan insonlarga nisbatan salbiy munosabat, kamsitish va ayrim jazolovchi qonunchilik normalarini epidemiyaga qarshi kurashga to‘sqinlik qilayotgan omillar sifatida ko‘rsatmoqda.

Jamiyatdagi noto‘g‘ri qarashlar insonlarning test topshirishdan, o‘z salomatligi haqida ochiq gapirishdan yoki tibbiy yordamga murojaat qilishdan cho‘chishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Natijada kasallikni kech aniqlash ehtimoli ortadi, davolash jarayoni murakkablashadi va infeksiya tarqalishining oldini olish qiyinlashadi.

Moliyaviy yordam qisqarmoqda

Vaziyatni murakkablashtirayotgan yana bir omil — xalqaro moliyalashtirish hajmining kamayishidir.

2025-yilda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda OIVga qarshi dasturlarga ajratilgan xalqaro mablag‘lar 264 million dollardan 196 million dollarga tushgan. Bir yil ichida moliyaviy yordam 26 foizga qisqargan.

Mintaqa mamlakatlarining ichki xarajatlari esa 365 million dollardan 389 million dollarga oshgan. Biroq bu o‘sish xalqaro yordamning qisqarishini to‘liq qoplay olmagan.

Ayniqsa, profilaktika tadbirlari, aholining ehtiyojmand qatlamlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar va jamoat tashkilotlari faoliyati tashqi moliyaviy manbalarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Davolash xarajatlarida ham mamlakatlar o‘rtasida katta tafovut mavjud. Masalan, bir kishining yillik antiretrovirus terapiyasi Qozog‘istonda 382 dollargacha tushsa, Armanistonda bu ko‘rsatkich 46 dollarni tashkil etadi.