Manipulatsiya uchun “Shaffof sement sanoat”ga chora ko‘rildi
Korxona 20 ming tonnadan ortiq sementni birjaga qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgan, bu harakat esa manipulyatsiya deb baholanadi.
1 daqiqa o‘qiladi

Korxona 20 ming tonnadan ortiq sementni birjaga qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgan, bu harakat esa manipulyatsiya deb baholanadi.
Birjaga qo‘yilmagan mahsulotlar
Qo‘mitaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitorningda Shaffof sement sanoat tomonidan 2023-yil yanvar-dekabr va 2024-yil yanvar-iyul oylarida 298 ta holatda 20 ming 645 tonna sement birja savdolariga qo‘yilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilgani aniqlangan.
669 mln. so‘mga yaqin tafovut
Shuningdek, mahsulot sotilgan kunlardagi narxlar 2023−2024-yillar davomida birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslangan. 298 ta holatda mahsulot narxlarini yuqori qo‘llash natijasida jami 669 mln. so‘mga yaqin miqdorda tafovut holati aniqlangan.
Manipulatsiya harakati
Qo‘mitaning qayd etishicha, Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, “Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish” harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi.
Yuqoridagilarga muvofiq, Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasining maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilishi alomatlari bilan Shaffof sement sanoat qo‘shma korxonasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgan.



