Tadqiqot: Koronavirus pandemiyasi tufayli o‘smir qizlarning miyasi 4 yilga qarigan
Karantin davridagi izolyatsiya, stress va ijtimoiy munosabatlarning yetishmasligi qizlarda miya qobig‘i yupqalashuvining tezlashishiga olib kelgan. Qizig‘i esa, o‘g‘il bolalarga bu jarayon deyarli ta’sir qilmagan.
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus pandemiyasi va unga hamroh bo‘lgan karantin (lockdown) hamda ijtimoiy izolyatsiya o‘smirlar, ayniqsa qizlarning miyasini sezilarli darajada qaritdi. PNAS jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, pandemiyadan so‘ng qizlarning miyasi o‘rtacha 4,2 yilga qarigan. Bu, o‘g‘il bolalarga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, o‘g‘il bolalarda bu raqam atigi 1,4 yilni tashkil etgan.
Tadqiqotning dastlabki bosqichlari
AQShning Vashington Universiteti olimlari pandemiya davridagi karantin va ijtimoiy izolyatsiyaning o‘smirlar miyasi tuzilishiga qanday ta’sir ko‘rsatganini o‘rganishga kirishdi. Ushbu tadqiqot dastlab 2018-yilda boshlangan va unda 9 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 160 nafar o‘smir ishtirok etgan. Tadqiqot davomida ularning miya rivojlanishidagi o‘zgarishlar kuzatilgan. Pandemiya tufayli tadqiqot to‘xtatilgan bo‘lsa-da, 2021-yilda yana qayta faoliyatini boshladi.
Pandemiya o‘smirlar miyasiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Tadqiqot muallifi Neva Corriganning so‘zlariga ko‘ra, miya qobig‘ining yupqalashuvi o‘smirlik davrida tabiiy jarayon hisoblanadi, ammo pandemiya sharoitidagi karantin bu jarayonni tezlashtirgan. Stress, qayg‘u va ijtimoiy o‘zaro munosabatlarning yetishmasligi miya qobig‘ining yupqalashuviga ta’sir qilgan omillar sifatida qayd etilgan.
Miya qobig‘ining yupqalashuvi qanday kechadi?
Miya qobig‘ining tabiiy yupqalashish jarayoni, aslida, o‘smirlik davrida miyani ixtisoslashtirish va tajribalarga moslashish uchun muhim hisoblanadi. Bu jarayon o‘smirlikda miyani turli vazifalarga moslashishga yordam beradi. Ammo pandemiya davridagi izolyatsiya, stress va ijtimoiy aloqalarning kamayishi qizlarda ushbu tabiiy jarayonning tezlashishiga olib kelgan.

Karantin o‘g‘il bolalarga deyarli ta’sir ko‘rsatmagan
Olimlar aniqlashicha, pandemiya davrida qizlarning miya qobig‘ining 30 xil bo‘limida yupqalashish kuzatilgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalarda bu jarayon faqat ikkita bo‘limda kuzatilgan. Tadqiqot mualliflari buni qizlar va o‘g‘il bolalarning ijtimoiy o‘zaro munosabatlaridagi farqlar bilan bog‘lamoqda: qizlar ko‘pincha hissiyotlarini ifoda etish, suhbatlashish va sotsiallashishga ko‘proq moyil bo‘lib, ular uchun ijtimoiy munosabatlar ruhiy va emotsional rivojlanish jarayonida muhim o‘rin tutadi. Karantin sharoitida esa bu ehtiyojlarning qondirilmasligi qizlar miyasiga ko‘proq ta’sir qilgan.
Bu nimani anglatadi?
Pandemiya tugaganidan keyin miya qobig‘ining yana qalinlashishi ehtimoldan yiroq bo‘lsa ham, olimlar bu jarayon to‘xtab qolmasdan, balki sekin-asta tiklanishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Miya qobig‘idagi yupqalash, ayniqsa, o‘smirlik davrida, miyaning rivojlanish jarayonining bir qismi sifatida ko‘riladi. Tadqiqotchilarning fikricha, pandemiya davridagi stress va ijtimoiy izolyatsiya bu tabiiy jarayonni tezlashtirgan bo‘lsa-da, keyingi davrda miya rivojlanishi sekinroq, ammo davomiy bo‘lishi mumkin.
Bu topilmalar o‘smirlar ruhiy va emotsional rivojlanishiga katta ta’sir qilishi mumkin. Chunki miya qobig‘ining yupqalashi kognitiv fleksibilitetni, ya’ni o‘smirlarning yangi vaziyatlarga moslashish qobiliyatini pasaytirishi mumkin. Bu jarayon xulq-atvor va ruhiy holatga ham ta’sir etib, ularning kelajakdagi o‘quv qobiliyatlari va umumiy rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu sababli, tadqiqotchilar o‘smirlar pandemiyadan keyingi davrda qo‘llab-quvvatlanishi va ular uchun zarur psixologik yordam ko‘rsatilishi kerakligini ta’kidlamoqda.



