$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Sanjar Atamurodov – Georgia Techdagi LIDAR laboratoriyasiga kirgan ilk o‘zbekistonlik tadqiqotchi

Sanjar Atamurodov - Georgia Tech

Robototexnika sohasida dunyo miqyosida olib borilayotgan izlanishlar tobora chuqurlashib borayotgan bir paytda, yosh o‘zbekistonlik mutaxassis Sanjar Atamurodov AQSHning nufuzli Jorjiya texnologiyalar instituti – Georgia Tech bilim yurti tarkibidagi Intellektual yechimlar va avtonom robotlar laboratoriyasi (LIDAR Lab)ga tadqiqotchi sifatida qabul qilindi.

Bu nafaqat Sanjarning o‘z karyerasidagi katta bosqich, balki O‘zbekiston ilmiy salohiyati uchun ham e’tiborga molik voqea bo‘ldi. Zero, ushbu laboratoriya bugungi kunda gumanoid robotlarning tabiiy harakatini, muvozanatini va koordinatsiyasini modellashtirish bo‘yicha eng ilg‘or ilmiy markazlardan biri hisoblanadi.

Sanjar Atamurodovning robototexnikaga qiziqishi o‘smirlik yillaridayoq shakllangan edi. Keyinchalik Janubiy Koreyaning KAIST universitetida kompyuter fanlari va robototexnika bo‘yicha tahsil oldi, o‘qish bilan bir qatorda Raion Robotics va Digitrack Inc. kabi loyihalarda ishtirok etib, robotlarni masofadan boshqarish, harakat barqarorligini yaxshilash, bo‘g‘imlar muvozanatini saqlashga doir tajriba to‘pladi. Ana shu bilim va amaliyot uni Georgia Techga olib keldi.

Sanjar faoliyat boshlagan LIDAR Labning asosiy yo‘nalishi robot tanasining har bir qismi o‘zaro uyg‘un harakatlanishi, ayniqsa, murakkab muvozanat talab qiladigan vaziyatlarda robotning tabiiy yurishi va harakatining silliq chiqishini ta’minlashdan iborat. Laboratoriyada har bir bo‘g‘imdagi kuch taqsimoti, harakatning oldindan prognoz qilinishi, sensor ma’lumotlarini qayta ishlash va robotning inson kabi muvozanat saqlashi uchun zarur bo‘lgan algoritmlar ustida muntazam ilmiy ishlar olib boriladi. Bu jarayon robotga shunchaki buyruq bajarish emas, balki atrof-muhitga moslashgan holda mustaqil harakat qilish qobiliyatini berishga qaratilgan.

Sanjar shu yerda ishlab chiqqan ilmiy izlanishlari davomida robotning o‘z tanasini “sezishi”, harakatni nazorat qilishi va uzoq masofalardan boshqarilgan paytda ham silliq va izchil harakatlana olishi uchun zarur bo‘lgan mantiqiy yechimlarni ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Uning fikricha, robotni masofadan boshqaruvchi insonning harakati qay darajada mukammal bo‘lmasin, agar robotning o‘zi barqaror harakat algoritmiga ega bo‘lmasa, real amaliyotda bunday tizim yetarli samaradorlik ko‘rsata olmaydi. Shu bois Sanjar robotning o‘ziga xos “motor intellekti”ni, ya’ni harakatni tushunish va qayta ishlash qobiliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

LIDAR Labdagi izlanishlar Sanjarning keyinchalik tashkil qilgan innovatsion loyihasiga — robotlarni osongina masofadan boshqarish imkonini beruvchi Humanola tizimiga ilmiy asos bo‘ldi. U yaratgan dasturiy ta’minot robotning harakatlarini yanada silliq, izchil va inson harakatiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Mazkur g‘oya keyinchalik AQSHda muvaffaqiyat qozonib, yirik investorlar e’tiborini tortdi. Ammo Sanjar uchun muvaffaqiyat yo‘lidagi eng muhim bosqich aynan LIDAR Labda boshlangan jarayondir.

U Georgia Techdagi faoliyatini davom ettirar ekan, laboratoriyadagi ilmiy ishlarni o‘zining asosiy yo‘nalishi sifatida ko‘radi. Chunki u yerda yaratilayotgan algoritmlar nafaqat bugungi humanoid robotlarning, balki kelajakda to‘liq mustaqil harakatlana oladigan sun’iy idrok tizimlarining poydevorini tashkil etadi. Sanjar shu borada shunday fikr bildiradi:

“Har bir robot — bu ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo juda murakkab ilmiy mehnat mahsuli. Harakatning tabiiy chiqishi uchun juda ko‘p matematik model, tajribalar va kuzatuvlar zarur. Biz ishlab chiqayotgan texnologiyalar ertaga nafaqat sanoatda, balki inson hayoti xavf ostiga tushadigan barcha sohalarda xizmat qiladi.”

Sanjar kelgusida o‘z izlanishlari va startap loyihalarini O‘zbekistonda ham davom ettirish niyatida. Uning ta’kidlashicha, hozir dunyodagi eng ilg‘or texnologiyalar yaratilayotgan makonlarda bo‘lish — bu zamonaviy ilmning talabidir. Ammo bu bilimlarni Vatanda qo‘llash va yoshlar bilan bo‘lishish esa kelajakdagi eng muhim vazifalardan biridir.

Georgia Techdagi LIDAR laboratoriyasiga qabul qilinishi bilan Sanjar Atamurodov dunyo robototexnikasi markazlaridan biriga ilmiy hissasini qo‘shayotgan yosh o‘zbekistonlik sifatida e’tirof etilmoqda. Uning izlanishlari hali boshlanishiga qaramay, robotlarning tabiiy harakatini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy ishlarga yo‘l ochmoqda.

Muazzam Tursunova

Теги :
Jamiyat