O‘zbekkosmosga yangi ish topildi(mi?)
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Kosmik faoliyatning tamoyillari belgilab berildi
Hujjatda kosmik faoliyatning tamoyillari, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, soha uchun mas’ul organlar, ularning vakolatlari o‘zaro taqsimlanib, vazifalari aniq belgilab berilgan.
Qonun loyihasi kosmik sohada teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik qilish, kosmik faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va uni rag‘batlantirish, kosmik texnologiyalardan foydalangan holda sohalar shaffofligi va raqamlashtirish darajasini oshirishga ko‘maklashish tamoyillari nazarda tutilmoqda.
Kosmik sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Quyidagilar kosmik sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda:
— kosmik xizmatlarning milliy bozorini yaratish va rivojlantirish;
— kosmik obyektlarni yaratish hamda ulardan foydalanish;
— sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini rivojlantirish;
— yerni kosmik apparatlar orqali zondlash, sohalarda kosmik monitoringni amalga oshirish.
Hujjatning vazifasi
Qonun loyihasi kosmik sohani tartibga solishga va unga huquqiy maqom berishga, kosmik faoliyat natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni boshqarishga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, tinchlik va xavfsizlikni saqlash kabi masalalar hal etilishiga xizmat qiladi.
Xalqaro shartnomaga O‘zbekistonning qo‘shilishi
Shuningdek, Majlisda deputatlar tomonidan “Kosmik fazo, shu jumladan Oyni va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyati prinsiplari to‘g‘risidagi shartnomaga (London, Moskva va Vashington, 1967-yil 27-yanvar) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.
114 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan
Mazkur Shartnoma 2024-yil 1-yanvar holatiga, 114 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Shartnoma kosmik fazoning huquqiy maqomi asoslarini belgilaydi hamda kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanishni ta’minlash uchun xalqaro qoidalar va tamoyillarni o‘rnatadi.
O‘zbekiston Respublikasi kosmik soha huquqiy tizimini rivojlantirish
Majlisda ushbu Shartnomani ratifikatsiya qilish O‘zbekiston uchun xalqaro kosmik loyihalar va tadqiqotlarda ishtirok etish, shuningdek, boshqa davlatlar bilan resurslar va bilim almashish uchun imkoniyatlar ochishi qayd etildi. Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga asoslangan holda O‘zbekiston Respublikasi kosmik soha huquqiy tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ratifikatsiya qilishning foydalari
Shartnomani ratifikatsiya qilish mamlakatlarga o‘z resurslarini birlashtirish va kosmik loyihalarda birgalikda ishlash imkonini taqdim etadi.
Kosmosni harbiylashtirish xavfi kamayadi. Mazkur Shartnoma kosmik fazoda ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni va kosmik fazodan harbiy maqsadlarda foydalanishni taqiqlaydi. Shartnomani ratifikatsiya qilish kosmik harbiylashtirish xavfini kamaytirishga va kosmik fazodan tinch maqsadlarda foydalanishga yordam beradi.



