$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Koreyadagi o‘zbekistonliklar nega o‘z ish joyini tashlab ketmoqda?

Koreya

Avval xabar berganimizdek, so‘nggi vaqtlarda Koreya Respublikasiga vaqtincha ishlash uchun borgan fuqarolar orasida o‘z ish joyini sababsiz tashlab ketish holatlari uchramoqda. Xo'sh bu holatlarga nima sabab bo'lmoqda?

Bu ishchi kvotalar soniga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi

Bu esa O‘zbekistonga ajratiladigan ishchi kvotalar soniga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, O‘zbekistondan borgan ishchilarning imiji tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois, Koreyaga ishlash uchun borayotgan har bir yurtdoshimiz ketish oldidan uch tomonlama shartnomaga imzo chekmoqda.

Shartnomada nima keltirilgan?

Shartnomada: “Agarda o‘z ish joyimni sababsiz tashlab ketib, nolegal faoliyat yuritadigan bo‘lsam, meni kafillikka olayotgan shaxs, ya’ni yaqin qarindoshimdan Koreyada nolegal yurgan har bir oyim uchun 2000 AQSh dollaridan (hozirgi vaqtda) jarima undirilishiga roziman”, deyiladi.

80 nafar o‘zbekistonlik ish joyini tashlab ketgan

Jumladan, Koreyaga ishlash maqsadida ketgan va shartnoma shartlarini buzgan qashqadaryolik fuqaro M.A.ning kafilidan sud qaroriga asosan MIB 70 mln. 392 ming so‘m undirgan.

2024-yilning o‘tgan davrida o‘z ish joyini sababsiz tashlab ketgan qariyb 80 nafar O‘zbekiston fuqarolarining kafillari tomonidan davlatga 2 mlrd. 35 million so‘m jarima undirilgan.

Bunga nima sabab bo‘lmoqda?

O‘zbekistonliklarning Koreyada o‘z ish joylarini sababsiz tashlab ketishining bir qancha asosiy sabablarini ajratib ko‘rsatish mumkin.

Birinchidan, ba’zi fuqarolar ish sharoitlari va maoshdan qoniqmasliklari mumkin. Ketishdan oldin kutilgan shartlar bilan amaldagi sharoitlar orasida katta tafovut bo‘lishi ularda norozilik uyg‘otadi.

Ikkinchidan, fuqarolarning Koreyada yashash va ishlash qoidalari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasligi, noto‘g‘ri umid va tasavvurlarga olib keladi. Natijada, ular ish joylariga moslashishda qiyinchilikka duch kelishadi.

Uchinchidan, ayrim hollarda ish beruvchi va ishchi o‘rtasida kelishmovchiliklar, masalan, og‘ir ish sharoitlari yoki mehnat huquqlarining buzilishi yuzaga keladi. Bu holatlar fuqarolarni boshqa yo‘l qidirishga undaydi.

Koreyada noqonuniy ishlash orqali ko‘proq daromad topish mumkin

Bundan tashqari, Koreyada noqonuniy ishlash orqali ko‘proq daromad topish imkoniyatining mavjudligi ayrim fuqarolarni qonuniy ishlashni tark etishga undashi mumkin. Biroq bu yo‘l nafaqat ularning huquqiy ahvoliga salbiy ta’sir qiladi, balki kafillariga ham moliyaviy yuk bo‘ladi.

Oxir-oqibat, ba’zi fuqarolar uch tomonlama shartnoma shartlarini yetarlicha jiddiy qabul qilmaydilar yoki uning oqibatlarini to‘liq anglamaydilar.

Nima qilish kerak?

Bu muammolarni hal qilish uchun fuqarolarni Koreyada ishlashga puxta tayyorlash, mehnat shartlari va qoidalarini tushuntirish, shuningdek, noqonuniy faoliyatning oqibatlari haqida ogoh qilish lozim. Shu bilan birga, ish sharoitlarini yaxshilash va mehnat migrantlari ustidan nazoratni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.

Теги :
Jamiyat