$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Qozog‘iston chegarasida yaroqsiz holga kelgan kartoshkalar nega bozorlarga yo‘naltirilmoqda?

Kartosha

Qozog‘istonning Pavlodar shahridan kelayotgan kartoshka ortilgan vagon tekshiruv ishlari yuzasidan O‘zbekiston bilan chegarada 10 kun ushlab qolingani oqibatida chirib qolgani ma’lum qilingandi. Ushbu kartoshka mahsulotlari O‘zbekiston sotuv rastalariga yo‘naltirildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Yuklar sun’iy ravishda ushlab turilmagan

Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik bir nechta tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli kartoshka ortilgan vagonlar fitosanitar nazorat tartibiga muvofiq Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasining Qozog‘iston hududida vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu tekshiruv jarayonida yuk hujjatlarida aniqlangan ayrim texnik kamchiliklar sababli mahsulotni chegarada qisqa muddat ushlab turish ehtiyoji vujudga kelgan. Mazkur texnik muammolar o‘rnatilgan tartibda to‘liq bartaraf etilgan.

“Ta’kidlash joizki, Qozog‘iston chegarasida mazkur yuklarni ataylab yoki sun’iy ravishda ushlab turish holati mavjud emas. Ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirliklarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida mahsulot ayni kunda Toshkent shahridagi Chuqursoy saqlash punktiga yetkazildi”, deyiladi xabarda.

Kartoshkalar bozorlarga yo‘naltirilmoqda

Vazirlikka ko‘ra, hozirda tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli barcha kartoshka mahsulotlari sotuv rastalariga yo‘naltirilmoqda. Bu esa kartoshka narxi bilan bog‘liq vaziyatni bartaraf etish va bozorlarda mazkur mahsulotga bo‘lgan narxning barqarorlashuviga xizmat qiladi.

“Qishloq xo‘jaligi vazirligi aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida chegaralardagi fitosanitar va logistika jarayonlarini doimiy nazoratda tutishini ham eslatib o‘tadi. Kelgusida bunday texnik kamchiliklarning takrorlanmasligini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deya izoh bergan vazirlik.

Kartoshkalar yaroqsiz holga kelganmidi?

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonning Pavlodar shahridan kelayotgan kartoshkalar miqdori 43 vagon bo‘lgan. Tadbirkorlarning biriga ko‘ra, bir vagonda 68 tonna bor. Ammo undan endi foydalanib bo‘lmaydi. Bunday kartoshkani hayvonlarga ozuqa sifatida ham ishlatib bo‘lmaydi.

Endi savol tug‘iladi, nega yaroqsiz holga kelgan kartoshkalar bozor rastalariga yo‘naltirilmoqda? Vazirlik nega bunga izoh bermagan? Nima uchun rasmiy munosabatda kartoshkalarning sifatiga bog‘liq hech qanday ma’lumot berilmagan?

Vazirlikdan yana bir bor rasmiy munosabat kutib qolamiz.

Kartoshka narxi 12 ming so‘mga chiqqan

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kartoshkaning narxi 12 ming so‘mga yetgani aytildi. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahridagi “Food City” dehqon bozorida 1 kg kartoshkaning o‘rtacha narxi 8,5 ming so‘mni tashkil etmoqda (minimal 7,5 ming so‘m, maksimal 9 ming so‘m). Hozirda barcha hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5-6 ming so‘mdan sotilmoqda.

Ammo Toshkent shahrining yirik bozorlarida narx bundan sezilarli darajada yuqori. Aviatsiya, Qo‘yliq, Mirobod va Yunusobod bozorlarida kartoshka 9 000 so‘m narxda sotilayotgan bo‘lsa, Sirg‘ali, Farhod, Chilonzor, Eski Juva, Qoraqamish, Askiya va Oloy bozorlarida uning narxi 10 000 so‘mga yetgan.

 Bunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi izoh berib, kartoshka narxi qachon tushishini ochiqladi. Vazirlikning taʼkidlashicha, kartoshkaning qimmatlashishiga takroriy ekilgan maydonlardan yetarli hosil olinmagani sabab bo‘lgan.

Теги :
Jamiyat