$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Kartoshka narxi yana qimmatlashdi. Bunga sabab nima?

kartoshka

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kartoshkaning narxi 12 ming so‘mga yetgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahridagi “Food City” dehqon bozorida 1 kg kartoshkaning o‘rtacha narxi 8,5 ming so‘mni tashkil etmoqda (minimal 7,5 ming so‘m, maksimal 9 ming so‘m).

Toshkent bozorlarida kartoshka narxlari farqi

Hozirda barcha hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5-6 ming so‘mdan sotilmoqda. Ammo Toshkent shahrining yirik bozorlarida narx bundan sezilarli darajada yuqori.

Aviatsiya, Qo‘yliq, Mirobod va Yunusobod bozorlarida kartoshka 9 000 so‘m narxda sotilayotgan bo‘lsa, Sirg‘ali, Farhod, Chilonzor, Eski Juva, Qoraqamish, Askiya va Oloy bozorlarida uning narxi 10 000 so‘mga yetgan.

Narx oshishiga sabab nima?

Kartoshkaning qimmatlashishiga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng asosiy sabab — takroriy ekilgan maydonlardan yetarli hosil olinmaganligi.

Kartoshka yiliga ikki marta ekiladi:

  • Yanvar-mart oylarida ekilgan kartoshka – aprel-iyulgacha hosil beradi.
  • Iyun-iyul oylarida ekilgan kartoshka – noyabr-aprel davrida iste’mol qilinadi.

Ammo 2024-yil hosili uchun takroriy ekilgan maydonlardan atigi 1 million tonna kartoshka yig‘ilgan. Holbuki, noyabr-aprel davrida iste’mol uchun kamida 1,7 million tonna kartoshka zarur. Demak, mavjud hosil talabning atigi 44 foizini qoplamoqda, bu esa bozorda yetishmovchilikni keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, takroriy ekish uchun zarur bo‘lgan resurslar – urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa xarajatlar keskin oshgan. Hozirda 1 gektar kartoshka ekish uchun 55-60 million so‘m sarflanmoqda, bu boshqa ekinlarga nisbatan 2-2,5 barobar qimmat.

Ishlab chiqarish tannarxi

Oxirgi 4 yilda kartoshka narxi 173 foizga oshgan. Shuningdek, azotli o‘g‘it 173%, kaliyli o‘g‘it 175%, kimyoviy vositalar 202%, dizel yoqilg‘isi 178%, mexanizatsiya xizmatlari 170%, elektr energiyasi 180% qimmatlashdi.

O‘tgan yildan boshlab suv soliqlari va QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) ham qo‘shilgani kartoshka tannarxiga ta’sir qilmoqda.

Xorijda ham kartoshka narxlari oshgan

Kartoshka yetishtirish hajmining kamayishi nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarda ham sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Qozog‘istonda 2024-yilda atigi 2,9 million tonna kartoshka yetishtirilgan, bu esa 2023-yilga nisbatan 80 foizga kamayish demakdir.

Rossiyada ham kartoshka yetishtirish bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Kartoshka ekiladigan maydon 33,9 ming gektarga qisqargani sababli, hosil 1,4 million tonnaga kamaygan. Natijada, o‘tgan yilning oktabr oyida Rossiyada kartoshkaning o‘rtacha narxi 22-23 rublga oshgan, bu esa oldingi narxlardan 1,5 barobar qimmat deganidir.

Kartoshka narxi barqarorlashtirilishi uchun quyidagi ishlar amalga oshirildi:

245,6 ming tonna kartoshka zaxiraga olindi;

9,9 ming tonna mahsulot bozorlarga chiqarildi. Hozirda kartoshkalar arzonlashtirilgan yarmarkalarda 4000-4500 so‘mdan sotilmoqda.

Shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Eron davlatlaridan 94,2 ming tonna kartoshka import qilindi, jarayonlarga to‘sqinlik qiluvchi ba’zi transport muammolari hal etilmoqda. Masalan, Sariq dovon ochilishi natijasida import hajmi ko‘paydi. Qolaversa, korxonalarga qo‘shimcha temir yo‘l vagonlari ajratildi.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerak, hozirda “Korzinka” supermarketlarida Pokistondan import qilingan kartoshka kilosiga 4990 so‘mdan, mahalliy kartoshka esa, 8490 so‘mdan sotilmoqda.

Kartoshka narxi qachon tushadi?

Kartoshka yetishtirish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida qator amaliy choralar rejalashtirilgan. Jumladan, 2025-yil hosili uchun 122 ming gektar maydonga kartoshka ekish belgilangan.

Bundan tashqari, aprel-may oylarida yangi hosil bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu kartoshka narxining pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ko‘rilayotgan ushbu chora-tadbirlar natijasida fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishi, aprel-may oylarida esa sezilarli pasayishi prognoz qilinmoqda.

Теги :
Jamiyat