Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +9°

Tishlar salomatligi uchun qanday turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish foydali?

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab kattalarning deyarli 100 foizi tish kariyesidan aziyat chekmoqda.

3 daqiqa o‘qiladi

Tishlar salomatligi uchun qanday turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish foydali?

Qanday mahsulotlar tishlar salomatligi uchun foydali? Mutaxassis bu borada o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Kariyes - tish kushandasi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab maktab o‘quvchilarining 60 foizdan 90 foizgacha va kattalarning deyarli 100 foizi tish kariyesidan aziyat chekmoqda. Bu statistikani yaxshi tomonga o‘zgartirish yo‘llaridan biri — ovqatlanish odatlarini o‘zgartirishdir.

Shunday mahsulotlar borki, ular tish va milk kasalliklarining oldini olishga xizmat qiladi. Tibbiyot fanlari doktori Haydar Komilov tishlar uchun foydali bo‘lgan bu mahsulotlar haqida ma’lumot berdi: — Kariyes va milk kasalliklaridan tashqari, ko‘pchilik og‘izdan noxush hid kelishidan aziyat chekadi. Yaxshi gigiyena va to‘g‘ri ovqatlanish buning oldini oladi yoki butkul bartaraf qiladi. Buning uchun, avvalambor, tarkibida rux (sink) bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qiling. U baliq va qisqichbaqasimonlar, qizil go‘sht, tuxum, yasmiq va yong‘oqlar (bodom va keshyu)da uchraydi. Suv, choy, olma, apelsin va yogurt ham yomon hidga qarshi yaxshi vositalardir.

S va D vitaminlari tishlar uchun foydali

Gingivit kabi parodont kasalliklar qisman tishlar orasida qolib ketadigan ovqat qoldiqlarida mavjud bo‘lgan bakteriyalar sabab kelib chiqadi. D vitamini kalsiy va fosforning so‘rilishini osonlashtiradi, milk va tishlarni bakteriyalarga nisbatan ancha chidamli qiladi.

Bu vitaminni nafaqat quyosh nuri, balki baliqning yog‘li turlarini iste’mol qilish orqali ham olish mumkin. Omega-3 kislotalarining yuqori miqdori tufayli yog‘li baliqlarni haftasiga ikki marta yeyish maqsadga muvofiq.

S vitaminiga boy mahsulotlar milkning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan kollagen ishlab chiqarish kamayib ketishining oldini olishga yordam beradi. Kollagen kamayishi milkning pastga tushib ketishidek jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. S vitamini apelsin, limon, greypfrut, mandarin, kivi, qizil bulg‘ori, qora smorodina, brokkoli, papayya kabi mahsulotlarda bo‘ladi.

Sut, pishloq va yogurt suyak hamda tishlar uchun muhim mineral bo‘lgan kalsiyning manbai hisoblanadi. Masalan, pishloq tishlarni himoya qiladi, chunki uni iste’mol qilganimizda bakteritsid xususiyatlarga boy bo‘lgan tupurik ko‘proq ishlab chiqariladi. Ismaloq, no‘xat, brokkoli, karam yoki tofuda kalsiy mavjud.

Fosfor va ko‘k choyning qanday foydasi bor?

Fosfor ham tish tuzilishini optimal tarzda saqlash uchun juda muhimdir. Bu mineral sut, tuxum va baliq kabi mahsulotlarda bo‘ladi.

Seldr o‘simligida olma kislotasi mavjud bo‘lib, u tupurik ishlab chiqarishga yordam beradi, bu esa, o‘z navbatida, tishlarni tozalaydi va dog‘larni yo‘qotadi. Barcha sabzavotlar singari seldrni ham ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolgan, xom holda iste’mol qilish, salatlarga qo‘shib yeyish yaxshi.

Ko‘k choyda katexin, antioksidant bo‘lib, u bakteriyalar keltirib chiqaradigan milk yallig‘lanishining oldini olishga yordam beradi. Agar ko‘k choy siz uchun achchiqlik qilsa, unga limon yoki ozgina sut qo‘shib ichishingiz mumkin.