$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir yil ichida 1,5 million kishi kambagʻallikdan chiqariladi

Kambag

“Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Yil oxirigacha 500 ming nafar aholini kambagʻallikdan chiqariladi

Farmonga koʻra, 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 million nafar aholini kambagʻallikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Kambagʻallikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va toʻplangan milliy tajriba hamda ilgʻor xalqaro amaliyot asosida har bir fuqaroni oʻzi va farzandlari kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi hamda dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Yo‘l xaritasi

Dastur 2024-yil 1-noyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:

·       barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish;

·       taʼlim olish va kasb-hunar oʻrganish;

·       kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;

·       ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;

·       yashash sharoitlarini yaxshilash;

·       davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;

·       davlat organlari xodimlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish.

2024-yil 1-dekabrdan “mahalla yettiligi” tomonidan kambagʻal oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambagʻallikka tushish sabablarini oʻrganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambagʻal oilalar reyestri shakllantiriladi.

 2025-yil 1-yanvardan:

·       kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band boʻlmagan aʼzolari ishga joylashganda, oʻzini oʻzi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻlash davom ettiriladi;

·       mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam boʻlmagan oylik ish haqi toʻlangan holda ishga joylashgan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oila aʼzosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada toʻlanadi;

·        kambagʻal oilalarga koʻmak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila aʼzolarining bandligini taʼminlash, oʻz tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila aʼzolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrganishi hamda sogʻligʻini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda koʻrsatiladi.

Теги :
Jamiyat