Ko‘chmas mulk obyektlaridagi kadastr raqamlariga tuzatish kiritilishi belgilanmoqda
Endilikda ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish axborot tizimida kadastr raqamlari shakllantiriladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr raqamlariga tuzatish kiritiladi. Qarorda belgilanishicha, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish axborot tizimida kadastr raqamlari shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.
Mamlakat hududi kadastr bo‘yicha bo‘linadi
Kadastr raqami – yer uchastkasi, bino, inshootga tegishli O‘zbekiston hududida takrorlanmaydigan raqam. U qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uni shakllantirishda beriladi va ro‘yxatdan o‘tkazilgan huquqning yagona obyekti sifatida mavjud bo‘lguniga qadar saqlanib qoladi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston hududlarini kadastr bo‘yicha bo‘lish va ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda belgilanishicha:
Respublika hududlarini kadastr bo‘yicha bo‘lish tarkibi va tamoyillari;
Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimida ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr raqamlarini shakllantirish;
Kadastr raqamlarini ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha toifalashtirish orqali ularni hisobga olish va hisobini yuritish.
UZKAD tizimiga texnik tuzatishlar kiritiladi
Shuningdek, kadastr agentligiga 2024-yil 1-dekabrgacha O‘zbekistonning ma’muriy-hududiy birliklarini tuzish, tugatish va ularning chegaralaridagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda ko‘chmas mulklarning yangi kadastr raqamlarini shakllantirish uchun UZKAD tizimiga texnik tuzatishlar kiritilishini ta’minlash topshirildi.
Yer uchastkalari, binolar va inshootlarni identifikatsiya qilish tizimi yagona tamoyil asosida tuzilgan bo‘lib, uning asosiga yer uchastkasining kadastr raqami kiritilgan.



