“Pul yuvish” bilan shugʻullangan suzish federatsiya mansabdorlari qoʻlga olindi
Masʼullar suzish sporti uchun ajratilgan pullar hisobidan federatsiya bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari N.G., M.G hamda yana 15 nafar fuqaroni Turkiyaga dam olishga yuborib, 405 mln. so‘m mablag‘ talon-toroj qilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari katta miqdordagi pullarni talon-toroj qilgani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar bermoqda.
Turkiyaga sayohat
Xususan, federatsiya mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan pullar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida federatsiya bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari N.G., M.G va yana 15 nafar fuqaroni Turkiyaga dam olishga yuborilib, 405 mln. so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.
Shuningdek, amalda o‘tilmagan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlar haqida soxta buyruqlar chiqarilib, 458 mln. so‘m o‘zlashtirilgan.
Jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Bundan tashqari, federatsiyaga xalqaro musobaqa va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun homiylar tomonidan ajratilgan 1,2 mlrd. so‘m maqsadsiz sarflanib, talon-toroj qilingan.
Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.



