Tariflar oshirilgach, elektr va gaz isteʼmoli kamaydi — energetika vaziri
May oyida Oʻzbekistonda 2023-yilning shu davriga nisbatan elektr isteʼmoli 324 mln. kVt/soatga, gazniki 125 mln. kub metrga pasaygan.
2 daqiqa o‘qiladi

May oyida Oʻzbekistonda 2023-yilning shu davriga nisbatan elektr isteʼmoli 324 mln. kVt/soatga, gazniki 125 mln. kub metrga pasaygan.
Joʻrabek Mahmudovning aytishicha, abonentlar va korxonalar soni koʻpayishi bilan isteʼmolning kamayishi energiya tejamkorligidan dalolatdir.
Umumiy isteʼmol tushgani energiya tejamkorligi taʼminlanayotganining isboti
Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov 30-may kuni prezident bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvdan soʻng “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 1-maydan tariflar oshirilganidan keyin Oʻzbekistonda elektr va gaz isteʼmoli qanday oʻzgargani haqida gapirib berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, 1−29-may kunlari elektr energiyasi isteʼmoli hajmi tejalgan, yaʼni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 324 million kVt/soatga kamaygan.
“Aytib oʻtish kerakki, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan aholi orasida abonentlar soni 160 mingdan ortiqqa oshgan, yuridik isteʼmolchilar, yaʼni ishlab chiqarish korxonalari soni ham ortgan. Yaʼni, isteʼmolchilar ortdi, iqtisodiyot, sanoatning oʻsishi bilan birga, umumiy isteʼmol tushgani energiya tejamkorligi taʼminlanayotganining isboti deb koʻrsa boʻladi”, — dedi vazir.
700 million kVt/soatga koʻp elektr energiyasi
Vazirning taʼkidlashicha, quyosh va shamol elektr stansiyalarida 970 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 700 million kVt/soatga koʻpdir.
“Shu bilan birgalikda, biz import qilgan elektr energiyamiz hajmi kamaydi hamda elektr energiyasini ichki isteʼmolchilarni toʻliq taʼminlagan holda eksport qilish imkoniyatiga ega boʻldik. Xuddi shu tendensiyani gazda ham koʻrsa boʻladi. Umumiy abonentlar sonining oshishi bilan bir qatorda may oyining 29 kunida isteʼmol 125 million kub metrga kamaydi. Kunlik isteʼmolga qaralsa, issiqlik elektr stansiyalarida rejadagidan koʻra 5−6 million kub metr gaz, shuningdek, 2 barobar kam koʻmir yoqilyapti”, — dedi u.
Shuningdek, energetika vaziri yangi tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, shuningdek, tabiiy gazni import qilish xarajatlari hisobga olinganini qayd etgan. Ijtimoiy meʼyorlarni qayta koʻrib chiqish hali rejalashtirilmagan.



