$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zgarishlar tasdiqlandi: IIV tizimidan yana bir qator mansabdorlar lavozimidan olindi

DXX

Davlat xavfsizlik xizmatidagi o‘zgarishlardan so‘ng Ichki ishlar vazirligida ham bir qator iste’folar yuz berdi. Ikki tizimdagi o‘zgarishlarning ham sababi bir ekanligi aytilmoqda.

IIVdagi iste’folar

24-noyabr kuni Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Xalimjonovich Adhamov lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Ayni shu buyruqqa ko‘ra, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev ham lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining buyrug‘i bilan, boshqarmaning Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Sobirov Timur Akramovich lavozimidan ozod etilgan. 

Picture background

Doniyor Toshxo‘jayev haqida

Doniyor Toshxo‘jayev 2023-yilning avgust oyidan e’tiboran IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. 2022-yil fevral oyida Toshkent viloyati IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan. Ungacha esa 2020-yil yanvaridan Farg‘ona viloyati IIBga rahbarlik qilgan. Doniyor Toshxo‘jayev 2019—2020-yillarda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – IIV Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Bungacha u Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari – Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, avvalroq – IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Prezident farmoni

Bundan ikki kun avval, 23-noyabr kechasida Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimida ishlab kelgan Abdusalom Abdumavlonovich Azizovni lavozimidan ozod etilgani aytilgan edi. Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning Azizovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkani tasdiqlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Abdusalom Azizov O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod etilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazilgan. 

Picture background

Abdusalom Azizov haqida

Joriy yilda o‘zining 64 yoshini qarshilagan Abdusalom Azizov ushbu lavozimda 5 yildan buyon faoliyat o‘tkazib kelayotgandi. Abdusalom Azizovning faoliyat yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, u 2005–2006-yillarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2006–2006-yillarda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi raisi, 2006–2008-yillarda “O‘zneftmahsulot” raisi, 2008–2009-yillarda ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi vitse-prezidenti, 2009–2017-yillarda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Azizov 2017-yil yanvar–sentyabr oylarida ichki ishlar vaziri, 2017-yil sentyabrdan 2019-yil fevralgacha mudofaa vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2019-yil 14-yanvar kuni general-leytenant harbiy unvonini olgach, bir oy o‘tib Ixtiyor Abdullayev o‘rniga DXX raisi etib tayinlanadi. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining endilikdagi sobiq raisi 2019-yilning 15-iyulida O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi prezidentligiga saylangan edi. U 2018-yilning yanvaridan buyon rasman O‘FA rahbari lavozimini egallab kelgan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov o‘rnini egallagan. 2021-yilning 25-sentyabriga kelib, O‘FAning navbatdagi hisobot-saylov kongressida Azizov qayta o‘z lavozimiga saylangan edi. 

Picture background

Bahodir Qurbonov

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga Bahodir Nizomovich Qurbonov tayinlandi va unga navbatdagi maxsus general-polkovnik harbiy unvoni berildi. U 2019-yil 11-fevralidan beri Mudofaa vaziri sifatida ishlab kelayotgandi. Bahodir Qurbonov 1969-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 1990-yilda O‘zbekiston IIV Oliy tergov maktabiga, 1992-yilda esa O‘zbekiston IIV Oliy maktabiga o‘qishga qabul qilingan. 1994—1996-yillarda Jizzax IIO tergov bo‘limida avval tergovchi, so‘ngra katta tergovchi bo‘lib ishlagan. 1996-yilda Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limining Noqonuniy valyuta operatsiyalariga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimi, 1997—1998-yillarda Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi 1-bo‘limi tezkor xodimi, 1998-yilda 2-bo‘limi katta tergovchisi lavozimiga tayinlangan. 1999-yilda ushbu bo‘limning 3-bo‘limi katta tergovchisi, shuningdek, Jizzax tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tergovchisi lavozimlarida ishlagan. Shu yili viloyat IIB Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi 3-bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Bundan tashqari, Jizzax viloyati IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2002-yilda Jizzax tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2005-yilda G‘allaorol tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga o‘tgan. 2008-yilda Ichki ishlar vazirligi Patrul xizmati bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shu yili Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2013-yil 24-dekabrdan 2015-yil 27-dekabrgacha Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2015- yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2017-yil 14-yanvarda unga general-mayor unvoni berilgan. 2018-yil 12-fevraldan 2019-yil 11-fevralgacha Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni lavozimida ishlagan.

Picture background

Shuhrat Xolmuhammedov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq general-mayor Shuhrat G‘ayratjonovich Xolmuhammedov mudofaa vaziri lavozimiga tayinlandi. Shuhrat Xolmuhammedov bu vaqtga qadar mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. U muqaddam O‘zbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018-yil noyabrida prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari etib tayinlandi. Keyinroq favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2021-yil martida O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. O‘sha vaqtda polkovnik bo‘lgan Shuhrat Xolmuhammedovga general-mayor harbiy unvoni berilgandi. Shuhrat Xolmuhammedov 2016-yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. 

O‘zgarishlarning ehtimoliy sababi

DXX va IIV tizimidagi iste’folarning rasmiy sababi hozircha ma’lum emas. Biroq turli qarashlar mavjud. Manbalar xavfsizlik xizmati rahbarining ishdan olinishini shu yilning 26-oktyabr kuni Qibray tumanida prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bundan bir kun avval hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari tergovga to‘sqinlik qilgani uchun lavozimidan chetlatilgan. IIV tizimdagi o‘zgarishlarga ham sabab o‘laroq ayni shu voqea ilgari surilmoqda.

Теги :
Jamiyat