Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +9° kechasi +8°

Endilikda gaz va elektr ta‘minotchilari issiqxonalarni bosim tushishi yoki uzilishlar haqida oldindan majburiy ogohlantiradi

Issiqxona va muzlatkichli omborxonalar kamida 24 soat oldin majburiy xabardor qilinishi kerak bo‘ladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Endilikda gaz va elektr ta‘minotchilari issiqxonalarni bosim tushishi yoki uzilishlar haqida oldindan majburiy ogohlantiradi

26-sentyabr kuni issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov

Hujjat bilan, 2024−2025-yillar kuz-qish mavsumidan boshlab issiqxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lovning 50% ini to‘lashga ruxsat beriladi.

Mazkur yengillik hosil yilining dastlabki 3 oyi (oktyabr, noyabr va dekabr) uchun amal qilib, qolgan qismini oy yakunigacha to‘lash mumkin bo‘ladi. Keyingi oylardan esa har oyda to‘liq to‘lovni amalga oshirish va bu tartib amal qilishi uchun qarzdorlik bo‘lmasligi kerak.

Ogohlantirish

Endi “Hududgazta'minot” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” bosim tushishi yoki uzilishlar bo‘yicha issiqxona va muzlatkichli omborxonalarni kamida 24 soat oldin majburiy xabardor qilishlari kerak bo‘ladi. Biroq, gaz va elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalardagi fors-major holatlariga tatbiq etilmaydi.

Shartnoma tuzish

Issiqxona bilan gaz korxonasi o‘rtasidagi tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalari har 3 yilda bir marotaba tuziladi.

Shartnomalarning texnik shartlariga gaz uzatuvchi va yetkazib beruvchi tashkilotlar uchun aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilgan umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxonalarga yetkaziladigan gaz bosimiga oid talablar kiritiladi.

Kredit shartnomasi shartlariga muvofiq banklar tomonidan issiqxonalarning kreditlari bo‘yicha undiruv choralari, shu jumladan, sud tartibida, muddati o‘tgan qarzdorlik qismiga nisbatan amalga oshiriladi.

Kreditlari summasini muddatidan oldin qaytarish

Banklarga issiqxonalarning kreditlari summasini muddatidan oldin to‘liq qaytarish bo‘yicha sudga da’vo kiritishga quyidagi hollarda ruxsat etiladi:

Muddati o‘tgan qarzdorlikni undirish majburiy ijroga qaratilgan kundan boshlab 60 kun davomida qarzdorlik to‘lanmaganda va grafikka amal qilinmaganda;

Fuqarolik kodeksining 738 (qarz oluvchining majburiyatlarini ta’minlash) va 739-moddalari (kreditdan maqsadli foydalanish) talablariga rioya qilinmaganda.