$
 12646.56
-27.81
 14461.34
-8.99
 160.88
-0.35
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Oʻzbekiston fuqarolari uchun islom moliyasiga sharoit yaratiladi

islamic finance

Markaziy bank tomonidan “Islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida”gi nizom ishlab chiqildi.

Islomiy moliya oʻzi nima?

Islom moliyasi tizimi — bu pul mablag‘laridan foydalanish va taqsimlash jarayonida Islom huquqi qoidalariga mos keluvchi iqtisodiy munosabatlarni o‘z ichiga oladigan Islom ekotizimining bir qismidir. Masalan, Islom dinida qarz berish yoki olish evaziga foyda ko‘rish taqiqlangan, barcha moliyaviy jarayonlar esa haqiqiy iqtisodiy faoliyatga asoslangan bo‘lishi kerak. Odamga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan sohalarni moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi — masalan, qimor o‘yinlari, alkogol, tamaki mahsulotlari va boshqalar. Islomiy iqtisodiyot faqatgina musulmonlar uchun emas. Hozirda ham musulmon, ham musulmon bo‘lmagan ko‘plab davlatlar iqtisodiy diversifikatsiya uchun Islom iqtisodiyotiga qiziqish bildirmoqda. 

Senat yalpi majlisi xulosalari 

18-may kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston-2030” strategiyasida respublikada islom moliyasi qonuniy asoslarini shakllantirish hamda tartiblarini joriy etish belgilangani eslatildi. Markaziy Bank raisi oʻrinbosari Behzod Hamrayevga koʻra islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hujjatni 2024-yil yakunigacha parlament muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.

Islom moliyasi yangi va murakkab soha bo‘lgani uchun qonunchilikka juda ko‘p o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. Masalan, garov, ssuda yo‘nalishlarida, “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunlardan tortib “Banklar faoliyati to‘g‘risida”gi qonun va boshqa hujjatlarga o‘zgartirish kiritish kerak. Hozir ushbu qonun loyihasi tayyor. Joriy yilda birgalikda ishlab, parlament muhokmasiga kiritish asosiy vazifalarimizdan bir — dedi Markaziy bank masʼuli.

Ba’zi banklarda bu xizmat allaqachon ishga tushirilgan

Behzod Hamrayev bu borada ma’lumot berdi:

Hozirda amaldagi qonunchilik doirasida “Agrobank”, “Sanoatqurilishbank”, “Mikrokreditbank”, “Ipak yo‘li” banklari Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasining kredit liniyalari hisobidan murobaha xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, Trastbank huzuridagi “Trastmuomalat” MCHJ tomonidan islomiy lizing va murobaha nasiyaga savdo operatsiyalari xizmatlari amalga oshirilmoqda. “Hamkorbank” tomonidan ham islomiy lizing xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Bazaviy qonunlar yakuniga yetkazilsa, qolgan banklarda ham bu xizmatlar ommalashib ketishiga talab bor, sharoit ham yaratiladi. 

1 yil muqaddam Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumda “Apex bank” boshqaruvi raisi Bahrom No‘monov:

“O‘zbekiston aholisining 20 foizi diniy sabab bilan anʼanaviy kredit tizimidan foydalanmaydi”, deb aytgandi. Lekin savol buning ortida tugʻiladi:

Islomiy bank xizmatlari narxi oddiy banklarga qaraganda arzonroqmi? 

Markaziy bank departamenti direktori Sanjar Nosirov jurnalistlar bilan suhbatlardan birida islomiy bank xizmatlari narxi anʼanaviy banknikidan yuqori ekanini aytgandi.

Anʼanaviy bank boshqa, islomiy bank tizimi boshqa. Qonunchiligimizning qurilishi anʼanaviy bank tizimiga moslashgan. Agar islomiy bankni joriy qilmoqchi bo‘lsak, qonunchilikni to‘liq qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Yaʼni asosiy qonunlarimiz — Fuqarolik kodeksi, sud, soliq, bojxona nuqtayi nazaridan ko‘p hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi. Bu bo‘yicha birinchi qadam qo‘yilgan. Islomiy bank tizimini rivojlantirish masalasi o‘ylanmoqda. Hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, islom moliyasini nafaqat banklarda, balki boshqa sohalarda ham rivojlantirish reja qilingan, — degandi u.