Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +9°

O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengaydi

Endilikda oilaviy tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi xotin-qizlarning loyihalariga yo‘naltiriladi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengaydi

O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengaydi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyevaning qator mas’ul idoralar rahbar va mas’ul xodimlarining tadbirkorlar, soha vakillari bilan muhokama uchrashuvida aytib o‘tildi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni qancha?

Qo‘mita raisi tomonidan ta’kidlanganidek, bugun yurtimizda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 mingdan oshdi, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida ayollar ulushi 46 foizni tashkil etmoqda. Kichik biznes subyektlarining 120 mingdan, xususan, fermer xo‘jaliklarining 4 mingdan ortig‘ini xotin-qizlar boshqarmoqda.

100 mln. dollar ajratildi

Kelgusi ikki yilda kichik va o‘rta biznesda xotin-qizlarning ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga oshirish bo‘yicha ulkan maqsad qo‘yilgan. 

Prezident farmoni bilan joriy yildan boshlab ayollarning kichik biznes va xususiy tadbirkorligini tashkil etish uchun 100 mln. dollar ajratildi.

Kreditlarning 40 foizi xotin-qizlar loyihalariga yo‘naltiriladi

 “2024-2025 yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi” tasdiqlandi. 

Oilaviy tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi mahallalarda xotin-qizlar taklif etayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda ular uchun har bir hududda hunarmandchilik va tadbirkorlik markazlari, klasterlar tashkil etilib, ularda 205 ming nafar xotin-qizimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va tadbirkorlik asoslarini o‘rganadi.

“Yoshlar daftari”da qanday yordam ko‘rsatilmoqda?

Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 8 ming nafar xotin-qiz va qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, texnika sotib olishi uchun subsidiyalar, 10 ming nafariga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Malakali mutaxassislar ishtirokida 50 ming nafar yosh ayollar uchun “Biznes marafon” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha doirasida yuzlab iqtidorli qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.