Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +9°

O‘zbekistonda islom sug‘urtasi joriy etilishi mumkin

Dastlabki bosqichda davlat sug‘urta kompaniyalari tarkibida alohida xizmatlar tashkil etilib, bosqichma-bosqich xususiy sug‘urta kompaniyalarida ham yo‘lga qo‘yiladi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda islom sug‘urtasi joriy etilishi mumkin

Malayziya O‘zbekistonda islom sug‘urtasini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Islomiy sug‘urta — takaful

Mamlakat elchixonasida Malayziyaning “Startegic Horizon Management System” kompaniyasi bosh konsultanti Sayful Baxri bin Saroni va “Abkari Risk Management” kompaniyasi direktori Idrus bin Mat Nayan bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Malayziya tomoni islomiy sug‘urta — takaful va uni O‘zbekistonda joriy etish istiqbollari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi. Tomonlar takaful sug‘urtasini mamlakatda joriy qilish bo‘yicha olib borilgan dastlabki tahlillarni muhokama qildi.

Takaful oddiy sug‘urtadan qanday farq qiladi?

Takafulning oddiy sug‘urtadan farqi — unda maxsus sug‘urta jamg‘armasi tuziladi. Sug‘urta uchun to‘langan badallar mazkur jamg‘armaga kiritiladi. Jamg‘arma esa bu mablag‘lar hisobidan a’zolarining tegishli zararlarini qoplab turadi.

Shuningdek, yil yakunida sug‘urtadan ortgan mablag‘larning bir qismi jamiyat nizomidagi tartib-qoidalar asosida keyingi yillar zaxirasiga olib qo‘yilishi yoki a’zolar o‘rtasida taqsimlanishi mumkin.

Islom moliyasiga qiziqish va tizimni joriy etish

Sayful Baxri O‘zbekistonda tadbirkorlarning yildan yilga islom moliyasi xizmatlariga qiziqishi ortib borayotganligi sabab, islom sug‘urtasini joriy etish salohiyati mavjudligini ta’kidladi.

Malayziyalik mutaxassislar dastlabki bosqichda davlat sug‘urta kompaniyalari tarkibida alohida takaful xizmatlarini tashkil etish taklifini bildirishdi. Bu orqali mazkur tajriba bosqichma-bosqich xususiy sug‘urta kompaniyalarida tatbiq etiladi.

Buning uchun Malayziya tomoni “Syarikat Takaful Malaysia Bhd.”, “Takaful Ikhlas Sdn. Bhd” va “Etiqa Takaful Bhd.” kabi hukumatga tegishli islomiy sug‘urta kompaniyalarini O‘zbekiston davlat sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikka jalb etish masalasini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.