Endilikda ijarachilar ham ijaraga berishi mumkin
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etilishi mumkin.
Bu borada parlament Quyi palatasi deputatlari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilishdi.
Qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarga o‘zgartirish kiritiladi
Mazkur qonun loyihasi bilan, jumladan, Yer kodeksi, “Ijara to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi bir qator qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Yer kodeksidagi o‘zgarishlar
Xususan, Yer kodeksining yer uchastkasi ijarasi to‘g‘risidagi 24-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish belgilanmoqda.
Kredit uchun garovga qo‘yish masalasi
Shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kredit olish uchun garovga qo‘yilgan va kredit majburiyati bajarilmagan taqdirda, kreditorlar tomonidan mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi belgilanmoqda.
Yangi bozor tamoyillariga asoslangan elektron onlayn-auksion savdolari
Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga berishda turli bahsli mezonlarga tayangan ochiq elektron tanlov o‘rniga shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan elektron onlayn-auksion savdolari joriy etiladi.
Qishloq xo‘jaligi yerlarini bozor aktiviga aylantirish imkoniyati
Shu bilan birga, yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga olingan yerlarga nisbatan o‘z huquq va majburiyatlarini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga ruxsat berish orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini bozor aktiviga aylantirish imkoni beriladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.



