$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentdan Xivagacha endi 7 soat: Yangi tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda uzoq yillardan beri kutilgan muhim yangiliklardan biri amalga oshmoqda. 2-maydan Toshkentdan Xivagacha 7 soatda boradigan tezyurar poyezd yo‘lga qo‘yiladi. Bungacha ushbu yo‘nalishda poyezdda manzilga yetib borish uchun 14-16 soat kerak bo‘lardi.

Xo‘sh, yangi tezyurarning ko‘rinishi qanday? Uning yana qanday qulay tomonlari mavjud? 

Zamonaviy poyezd: tez, qulay va bardoshli

Yangi poyezd Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, u zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Poyezd yetti vagondan iborat va soatiga 260 kilometr tezlikda harakatlana oladi.

Ichki tuzilishi ham yo‘lovchilar uchun qulay qilib ishlab chiqilgan — uch xil toifa mavjud: VIP, biznes va ekonom. Umumiy sig‘imi esa qariyb 390 nafar yo‘lovchini tashkil etadi. Poyezd tashqi ko‘rinishi ham o‘ziga xos — oq rangli korpus, O‘zbekiston bayrog‘ini eslatuvchi moviy, yashil va qizil chiziqlar bilan bezatilgan. Unda “Jaloliddin Manguberdi” nomi ham yozilgan bo‘lib, bu nom tarixiy ramziy ma’noga ega.

Poyezd O‘zbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum bo‘ronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga mo‘ljallangan.

Yetkazib berish bosqichlari

Mazkur poyezdlar bosqichma-bosqich O‘zbekistonga olib kelinmoqda. Dastlabki tarkib Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan jo‘natilgan. Rejaga ko‘ra, 2027-yilgacha yana 5 ta tarkib (jami 35 ta vagon) yetkazib beriladi. Birinchi poyezd 2026-yil boshida mamlakatga yetib kelgan va undan keyin uch oy davomida texnik sinovlardan o‘tkazilgan. Birinchi tijorat reysi esa 2026-yilning ikkinchi choragiga, ya’ni aprel–iyun oylariga mo‘ljallangani aytilgan.

Shuningdek, dekabr oyi oxirida tezyurar poyezdlar O‘zbekistonga multimodal yo‘l bilan yetkazilayotgani haqida ham xabar berilgandi. Toshkent–Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgan, fevral oyida esa tarmoqlarda Hyundai Rotem poyezdlari O‘zbekistonda texnik sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Endi bu jarayon amalda yakuniga yetib, 2-maydan boshlab poyezd muntazam qatnay boshlaydi. 

Ma’lumot uchun, kecha Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga Samarqanddan Narpay tumaniga yangi Hyundai Rotem poyezdida bordi.

Теги :
Jamiyat