Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +16° kechasi +9°

Mutaxassislar Humo to‘lov tizimining minimal qiymatini $60−80 mln.ga baholashmoqda

Iyul oyida Humo’ni xususiylashtirish boshlandi, birinchi bosqich 22-avgustga kelib yakunlandi. Qozog‘istonning Kaspi fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassislar Humo to‘lov tizimining minimal qiymatini $60−80 mln.ga baholashmoqda

Iyul oyi o‘rtalarida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Humo” to‘lov tizimini boshqaruvchi “Milliy banklararo protsessing markazi"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi.

“Humo”ni xususiylashtirish bosqichlari

Xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida “Deloitte” konsalting kompaniyasi jalb qilingan. Savdo jarayoni uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.

Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgan. Kompaniya “Humo"ning joriy biznes modelini to‘lov texnologiyalari va xizmatlari bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

Taxmin qilinayotgan minimal qiymat

Investitsion bankir “Humo” O‘zbekiston uchun strategik obyekt ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, to‘lov tizimi aktivlarining rentabelligi ayrim banklarnikiga nisbatan sezilarli darajada yuqori. Joriy yilning birinchi yarmida “Humo”ning sof foydasi 71,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Muzaffar Roziqovning qayd etishicha, “Humo"ni xarid qilish “Kaspi”ga multiplikatsion effekt beradi. Bu “Kaspi” foydalanuvchilari sonining sezilarli o‘sishini tezda ko‘rishni bildiradi.

2024-yilning birinchi choragida “Kaspi.kz"ning kunlik faol foydalanuvchilari (DAU) soni 9,1 mln. kishini, oylik faol foydalanuvchilari (MAU) esa 14 mln.ni tashkil etdi. Xususiylashtirishdan keyin “Humo” karta egalari bu ko‘rsatkichlarga qo‘shiladi.

“Mazkur ma’lumotlar va “Humo"ning moliyaviy ko‘rsatkichlariga asoslanib, men barcha risklarni hisobga olgan holda “Humo"ni $60 mln.dan ortiq baholashni taklif qilishim mumkin”, — deya xulosa qildi Muzaffar Roziqov.

Bundan tashqari, ehtimoliy xarid natijasida “Kaspi” “Humo"dan O‘zbekiston bozoriga kirish nuqtasi sifatida foydalanishi mumkin, deb hisoblaydi tahlilchi.

Yodgor G‘ofurov ta’kidlaganidek, “Agar biz “Humo”ning minimal qiymati haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning joriy va prognoz moliyaviy ma’lumotlariga ega bo‘lmasak va qiyosiy multiplikatorlarni qo‘llamasak, biznesning indikativ minimal qiymati hech bo‘lmaganda $80 mln. bo‘lishi mumkin”.

“Humo” tarixi

“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirilgan.