$
 12741.02
-16.92
 14062.26
-63.33
 134.38
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

181 ta ballistik raketa: Eron Isroilga javob “xati” yubordi

hujum

Seshanba kuni kechqurun Eron Isroilga 181 ta ballistik raketa uchirdi. Butun mamlakat bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Tel-Avivning barcha aholisiga signal e’lon qilinishidan oldin boshpanalarga joylashish tavsiya qilingan.

Eronning qasosi

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) ushbu havo hujumini HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya, “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh va IIQK qo‘mondoni Abbos Nilfrushanning “shahidligiga” javob deb atagan.

“Agar Isroil Eronning harakatlariga javob bersa, bundan ham dahshatli hujumlarga duch keladi”, — deyiladi Eron rasmiylari bayonotida.

Yagona qurbon Isroil fuqarosi emas, falastinlik

The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, Tel-Avivda uch kishi yaralangan. G‘arbiy sohilga raketa parchalari qulashi oqibatida bir kishi — G‘azo sektoridan kelgan ishchi halok bo‘lgan.

Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari o‘nlab raketalarni urib tushirgan, biroq bir qancha raketalar Tel-Aviv, Dimona, Nabatim, Xora, Xod Xasharon, Beyersheba va Rishon-Lezion shaharlari ustiga qulagan.

Isroil havo yoʻllarining faoliyati vaqtincha toʻxtatildi

Tel-Avivdagi Ben Gurion ayeroportida reyslarni qabul qilish va jo‘natish vaqtincha to‘xtatildi. Ba’zi samolyotlar muqobil aerodromlarga ketishga majbur bo‘lgan. Keyinroq aeroport o‘z faoliyatini tikladi. Mamlakatdagi barcha poyezdlar harakati to‘xtatilgan. Iordaniya va Iroq ham havo hududini yopgan.

Uzbekistan Airways samolyotining kechikishi

1-oktyabr kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY304 Tel-Aviv — Samarqand — Toshkent reysi bo‘yicha Boeing 767 samolyotining parvozi Isroil havo hududining bir qismi yopilgani sababli majburiy kechiktirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Flighradar24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jo‘nab ketish rejadagidek 20:15 emas, 22:14 da amalga oshirilgan. Samolyot Samarqandga 2-oktyabr kuni soat 02:45 o‘rniga 04:40 da, Toshkentga esa 04:50 o‘rniga, 06:16 da yetib kelgan.

Isroil mudofaa kuchlarining bayonoti

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) mamlakatga Erondan 100 ga yaqin raketa uchirilganini xabar qildi.

Umuman olganda, Eron 250 tagacha raketa uchirishi kutilayotgani ta’kidlandi. Havo hujumi haqida ogohlantirish butun Isroil bo‘ylab yangramoqda.

“TsAHAL Isroil davlatining tinch aholisini himoya qilish uchun barcha zarur ishni qilmoqda va qiladi”, - deyiladi bayonotda.

Isroil armiyasi aholini boshpana topishga va raketa tahdidi bartaraf etilmaguncha u yerda qolishga chaqirdi.

“Havo hujumidan mudofaa tizimi to‘liq ishlamoqda, zarur bo‘lgan joyda, hatto hozirgi paytda ham tahdidlarni aniqlaydi va to‘xtatadi. Biroq, mudofaa tizimi germetik emas, shuning uchun front orti qo‘mondonligining ko‘rsatmalariga amal qilish kerak”, dedi TsAHAL vakili, kontr-admiral Daniel Hagari.

Isroilga raketa hujumidan oldin Rossiya va AQSh xabardor qilingan

Rossiya va AQSh Eronning Isroilga yaqinlashib kelayotgan hujumi haqida xabardor qilingan. Bu haqda Eronning yuqori martabali mulozimiga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.

“Tehron Rossiyani Isroilga raketa hujumlari oldidan xabardor qilgan”, dedi “Reuters” agentligiga yuqori martabali amaldor.

Rasmiy, shuningdek, AQSh "hujumlardan sal oldin" diplomatik kanallar orqali Eron tomonidan ogohlantirilganini aytdi.

Rossiya va Eron Ukrainadagi urush paytida aloqalarni mustahkamladi, Eron Moskvaga urush uchun ballistik raketalar yetkazib berdi.

“Oʻtgan oy AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham AQSh Rossiya armiyasi Erondan qisqa masofaga uchuvchi Fath-360 ballistik raketalarini qabul qilganiga ishonishini aytdi”, - deyiladi xabarda.

Eronning “katta xato”si

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil hududiga berilgan zarbalarni “katta xato” deb atadi va Tehron o‘z harakatlari uchun tovon to‘lashini aytdi.

“Bugun tunda Eron yana yuzlab raketalar bilan Isroilga hujum qildi. Bu hujum muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Isroil havo mudofaasi sababli buning oldi olindi. Eron bugun katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning uchun javob beradi”, dedi Netanyaxu.

Uning ta’kidlashicha, Eron tomoni Isroilning “o‘zini himoya qilish va dushmanlardan o‘ch olish qat’iyatini tushunmaydi”.

Benyamin Netanyaxu Isroil yagona qoidaga amal qilishini qo‘shimcha qilgan:

“Kim bizga hujum qilsa, biz ham unga hujum qilamiz”.

Bosh vazir, shuningdek, Isroil armiyasiga mamlakat xavfsizligini ta’minlagani uchun, shuningdek, Eron raketalarini urib tushirishda yordam bergani uchun AQSHga minnatdorchilik bildirgan.

Bahordagi hujum

Aprel oyi o‘rtalarida Eron Isroilga o‘nlab uchuvchisiz samolyotlar va qanotli raketalarni uchirgandi. IIQK bu zarbani Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga uyushtirgan hujumi va oqibatda 7 nafar zobit halok bo‘lganiga javob, deya atagan. Isroil mudofaa kuchlari Eron 170 ga yaqin dron, 30 qanotli raketa va 120 ballistik raketani uchirgani va mamlakat hamda uning ittifoqchilari raketa va uchuvchisiz samolyotlarning 99 foizini urib tushirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan.

O‘tgan haftada Isroil tomoni Livandagi “Hizbulloh” nishonlari deb da’vo qilayotgan obyektlarga qarshi intensiv havo hujumlarini amalga oshirgandi. Bu vaqt ichida Livan bo‘ylab 600 dan ortiq odam halok bo‘lgan, yana 90 ming kishi o‘z uylarini tark etgan.

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi murojaati

O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi intensiv raketa otishmalari munosabati bilan vatandoshlarni shoshilinch xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Raketa hujumlari paytida tezlik bilan bomba boshpanalariga kirish, Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib borish hamda Isroil front orti qo‘mondonligi bildirishnomalari va ogohlantirishlariga amal qilishlari so‘raldi. Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va O‘zbekiston elchixonasining aloqa ma’lumotlarini doimo o‘zlari bilan olib yurishlari tavsiya qilindi.

Agar shoshilinch yordam yoki maslahat kerak bo‘lsa, O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasiga quyidagi telefonlar orqali murojaat qilish mumkin: 03−672−2466, 03−672−2371, 03−758−5075, 03−758−5076. Elektron pochta: il.uzembassy@mfa.uz.