Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +12° kechasi +9°

Ayrim hokim yordamchilari qo‘shimcha tarzda rag‘batlantiriladi

Bu haqda “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim hokim yordamchilari qo‘shimcha tarzda rag‘batlantiriladi

O‘zbekistonda ayrim hokim yordamchilari lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantiriladi. Bu haqda “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

50 nafar hokim yordamchisidan iborat “Loyiha menejerlari”

Unga ko‘ra, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida yuqori natijaga erishib kelayotgan, ijobiy tajribaga ega 50 nafar hokim yordamchisidan iborat “Loyiha menejerlari” guruhi tashkil etiladi.

Bunda “Loyiha menejerlari” guruhi tarkibidagi har bir hokim yordamchisi samaradorlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan tuman (shahar)larga biriktiriladi va ular 6 oygacha mazkur tuman (shahar)lardagi mahallalarga xizmat safariga yuboriladi.

Ularni boshqa ishlarga jalb etish taqiqlanmoqda

Xizmat safari davomida “Loyiha menejerlari” guruhidagi hokim yordamchilari, ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlar saqlab qolingan holda lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.

“Loyiha menejerlari” guruhi tarkibidagi hokim yordamchilarining xizmat safari va ularni moddiy rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Hokim yordamchilarini qonunchilikda ularga yuklatilgan vazifalardan tashqari boshqa ishlarni bajarishga jalb etish taqiqlanadi.

Uch tomonlama “mahalla shartnoma”lari

Prezidentning yuqoridagi qarori bilan, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman bo‘limlari, tuman hokimligi hamda MFY o‘rtasida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uch tomonlama “mahalla shartnoma”lari tuziladi.

Bunda ushbu shartnomada vazirlik tuman bo‘limi va hokimiyat – infratuzilmani yaxshilash, aholining daromad manbayini oshirishga sharoit yaratishga, mahalla raisi – aholini ishga jalb qilish, hududni obodonlashtirish, jinoyatchilikni kamaytirish kabi vazifalarga masʼul bo‘ladi.