Hamster Kombat tokenlarini qayerda qonuniy sotish mumkin?
Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga “Hamster Kombat” o‘yini va uning “HMSTR” kripto-aktivi bilan bog‘liq ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Agentlik bu savollarga javob berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Qayd etilishicha, tokenlarni faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali xarid qilish yoki sotish mumkin.
“Hamster Kombat” bo‘yicha savollar
Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga “Hamster Kombat” o‘yini va uning “HMSTR” kripto-aktivi bilan bog‘liq ko‘plab savollar kelib tushmoqda.
Xususan, o‘zbekistonliklar ushbu turdagi o‘yinlar uchun listing jarayonidan o‘tgan kripto-aktivlarni qonuniy ravishda sotib olishi yoki sotishi mumkinmi, fuqarolar ushbu kripto-aktivlar bilan qanday va qayerda operatsiyalarni amalga oshirishi mumkinligi va hokazo.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi quyida eng ko‘p beriladigan savollarga javob berdi.
“HMSTR” kripto-aktivmi?
Internetdagi ochiq manbalardan (rasmiy veb-sayt, “White Paper” deklaratsiyasi, ijtimoiy tarmoqlardagi loyiha profillari, Telegram messenjeri va boshqa resurslar) olingan ma’lumotlarga asoslanib, “The Hamster Foundation” — loyiha tashkilotchilari “TON” ekotizimi (tarqatilgan ma’lumotlar reyestri) doirasida “Hamster Kombat” o‘yinining “web3” o‘yinchilari uchun “Airdrop” jarayonini amalga oshirish uchun HMSTR tokenining chiqarilishini e’lon qilishdi.
Shu bilan birga, “coinmarketcap.com” axborot resursi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tokenga “Yagona kripto-aktiv identifikatori” (UCID) — № 32195 berilgan hamda mazkur token listingini amalga oshirishni rejalashtirgan elektron platformalar haqida ham ma’lumot taqdim etilgan.
“HMSTR” tokenining listingi qachon rejalashtirilgan?
Ushbu tokenning xalqaro kripto-platformalarda ro‘yxatga olinishining aniq sanasi bo‘yicha savollar loyiha tashkilotchilariga yuborilishi kerak.
“HMSTR” tokenlarini O‘zbekistonning qayerida qonuniy ravishda sotishi mumkin?
Qabul qilingan “HMSTR” tokenlarini faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali, agar ular kripto-birja kotirovka ro‘yxatiga yoki kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lsa, xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, eslatib o‘tamiz: ushbu turdagi tokenlar juda o‘zgaruvchan bo‘lib, aksariyat hollarda foydali funksionalligi yo‘qligi sababli ro‘yxatga kiritilgandan so‘ng qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.
Token va listing jarayoni amalga oshiriladigan kripto-platformalar haqida to‘liq ma’lumotni qayerdan olish mumkin?
“HMSTR” tokeniga oid ma’lumotlarni loyihaning rasmiy veb-saytida, “White Paper” deklaratsiyasida, ijtimoiy tarmoqlar va “Telegram” messenjeridagi loyiha profillari, “coinmarketcap.com” axborot resursida va boshqa manbalarda olish mumkin.
Shuningdek, fuqarolardan hushyor bo‘lishlari loyiha bo‘yicha norasmiy ma’lumotlar manbalari orqali olingan ma’lumotlarga ishonmasliklari, ushbu tokenlarni xarid qilish/sotish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilayotgan shaxslarga ishonmasliklari hamda turli firibgarlik sxemalari qurboni bo‘lmaslik so‘raladi.
O‘zbekistonda “HMSTR” tokenini noqonuniy xarid qilish/sotish uchun javobgarlik bormi?
O‘zbekiston hududida kripto-aktivning turi yoki nomidan qat’i nazar, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunchilik darajasida ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanadi.



