Endi o‘zbekistonlik talabalarga Avstriyaning yetakchi universitetlarida grant o‘rinlari ko‘paytiriladi
Bu boradagi hamkorlik masalalari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Avstriya elchisi Mattias Radostich o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.
1 daqiqa o‘qiladi

19-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Avstriya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Mattias Radostichni qabul qildi. Bu haqda Hukumat portali xabar bermoqda.
Nimalar muhokama qilindi?
Uchrashuvda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish, O‘zbekistondagi tegishli universitetlarda nemis tili o‘qitilishi sifatini oshirish, shuningdek, o‘zbekistonlik talabalarni Avstriyaning yetakchi universitetlarida grant asosida ta’lim olishi imkoniyatlarini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Muhandislik-texnika oliygohlari o‘rtasida hamkorlik
Muloqot davomida ikki davlat muhandislik-texnika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yanada kengaytirish, muhandis-texnik mutaxassislar tayyorlash sohasida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida yangi qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil qilish, shuningdek, professional ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish, amaliyot o‘tash, qisqa muddatli o‘quv yoki malaka oshirish kurslarida qatnashishlari uchun o‘zbekistonlik yosh olimlarni Avstriyaning ilmiy-tadqiqot muassasalariga yuborish borasida ham fikr almashildi.
Elchi ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.



