Yangilanishdan so‘ng Google Maps Ukrainaning harbiy obyektlarini ko‘rrsatmoqda
Ukraina Google kompaniyasidan mudofaa tizimlari ko‘ringan suratlarni o‘chirishni talab qildi.
1 daqiqa o‘qiladi

Google Maps xizmati yangilanishdan so‘ng Ukrainaning harbiy obyektlarini ko‘rsatuvchi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini e’lon qildi. Bu haqda Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andrey Kovalenko ma’lum qildi.
Rossiya kanallarida e’lon qilingan kadrlar
“Vaziyatni tasavvur qiling. Google xaritalarga yangilangan suratlarni joylashtirmoqda, ularda harbiy tizimlarimizning joylashuvi ko‘rinib turibdi (tafsilotlarga to‘xtalmayman). Buni tezda tuzatish uchun ularga murojaat qilamiz, lekin ularning dam olish kunlari ekan. Bu masala bilan shug‘ullanishga vaqtlari yo‘q”, dedi Kovalenko.
Amaldorning ta’kidlashicha, Rossiya ommaviy axborot vositalari bu suratlarni allaqachon “faol ravishda tarqata boshlagan”. Xususan, Google Maps’dan olingan Ukraina harbiy obyektlarining tasvirlari Z-kanallarida e’lon qilingan.

Kadrlar 2023-yilgimi?
Kovalenko yangilangan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga jamoatchilik munosabati bildirilgandan so‘ng Google vakillari Ukraina hukumati bilan bog‘langanini aytdi.
“Ularning aytishicha, harbiy tizimlarimiz joylashuvi aks etgan tasvirlarga oid vaziyatni tuzatish ustida ishlashmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.
Google Earth xizmatidagi sanaga ko‘ra, Ukraina hududining yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari 2023-yilning kuzida olingan. Unda harbiy obyektlar, masalan, Kiyevdagi Jyulyan aeroportidagi havo hujumidan mudofaa tizimlari yaqqol ko‘rinadi. Maps’da, shuningdek, Xmelnitskiy viloyatidagi Starkonstatinov aeroporti surati ham mavjud bo‘lib, unda samolyotlar, angarlar va boshqa obyektlar aks etgan.



