Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni 7 barobarga kamaydi
Hal etilmagan holatlarning eng ko‘pi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (BMT Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi) Markaziy Osiyodagi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yildan buyon Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan yoki fuqaroligi aniqlanmagan shaxslar soni yetti baravar kamaydi.
Oktyabr holatiga ko‘ra ularning soni 34,2 ming nafarni tashkil etmoqda
Ma’lumotlar Ashxobodda BMT QOKBning fuqarosizlik muammosiga bag‘ishlangan brifingida taqdim etildi. Unga ko‘ra, 2014-yilda 10 yil davomida fuqarosizlikka barham berishga qaratilgan IBelong (“Men mansubman”) global kampaniyasi boshlangan. O‘shandan beri Markaziy Osiyoda 252,2 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar aniqlangan bo‘lsa, 2024-yil 30-oktyabr holatiga ko‘ra, ularning soni 34,2 ming nafarni tashkil etmoqda. Shunday qilib, 10-yil ichida ularning soni 7 barobarga kamaydi.
Eng ko‘p fuqarosizlik O‘zbekistonda
Eng ko‘p hal qilinmagan holatlar 22,4 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs qayd etilgan O‘zbekiston va Qozog‘istonga (7,4 ming) to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, shu vaqt ichida Qirg‘iziston va Turkmaniston fuqarosizlikka barham bergan dunyodagi birinchi davlatlar bo‘ldi.
Muammoga yechim
Mazkur masala bo‘yicha ekspertlar bir qator yechimlar taklif qilmoqda. Fuqarosizlik muammosini hal qilish uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi mumkin:
Fuqarolik olish jarayonini soddalashtirish: Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun fuqarolikni olish tartibini yengillashtirish, hujjat topshirish va ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish zarur.
Huquqiy yordam ko‘rsatish: Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga huquqiy maslahat va yordam beruvchi markazlar tashkil etish orqali ularga fuqarolik olish jarayonida ko‘maklashish mumkin.
Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish: BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali fuqarosizlikka qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish va qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish lozim.
Qonunchilikni takomillashtirish: Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, fuqarosizlikning oldini olish va mavjud holatlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish muhimdir.
Aholini xabardor qilish: Fuqarolik olish imkoniyatlari va tartiblari haqida keng jamoatchilikni, ayniqsa, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni xabardor qilish uchun axborot kampaniyalarini o‘tkazish zarur.
Ushbu chora-tadbirlar fuqarosizlik muammosini kamaytirishga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini yaxshilashga xizmat qiladi, deb hisoblaydi mutaxassislar.



