Rossiya fuqaroligini noqonuniy olib berish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Ular O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga passport olishda noqonuniy yordam berishgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘zbeklar va tojiklarga noqonuniy ravishda passport olishda ko‘maklashgan jinoiy guruh ushlandi.
Guruhning mansabdor shaxslar bilan aloqalari bo‘lgan
Ma‘lum qilinishicha, Rossiyada O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga pasport olishda noqonuniy yordam berish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu jinoiy guruh davlat organlari faoliyati sohasida bilimga va Rossiya fuqaroligini berish bo‘yicha qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan mansabdorlar bilan aloqalarga ega shaxslar tomonidan pul ishlash maqsadida 2023-yilda tuzilgan.
Tergov doirasida 30 marta tintuv o‘tkazilgan
Ular Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari orasidan Rossiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan, ammo buning uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan shaxslarni qidirib, 150 ming rubldan 350 ming rublgacha pul evaziga Ukraina fuqaroligini tasdiqlovchi soxta plastik pasportlar va Donetsk hududida ro‘yxatdan o‘tgani to‘g‘risidagi soxta guvohnomalar tayyorlash bilan shug‘ullangan. Bu chet el fuqarolariga Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish imkonini bergan.
Noqonuniy migratsiya bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, jinoiy guruhning 9 nafar a’zosi qo‘lga olingan. Tergov doirasida Moskva, Donetsk, Rostov-Don va Tula shaharlarida 30 ta tintuv o‘tkazilib, ko‘plab davlat idoralari va muassasalarining, shu jumladan, xorijiy davlat shtamplari, muhrlari va blankalari musodara qilingan.
Noqonuniy fuqarolar deportatsiya qilinishi mumkin
Shuningdek, tergov doirasida Rossiya fuqaroligini noqonuniy ravishda olgan shaxslar ham olib kelingan. Ular fuqarolikdan mahrum qilinishi va mamlakatdan deportatsiya qilinishi kutilmoqda.



