Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +11° kechasi +9°

Putin ortidan Mirziyoyev ham Turkmanistonga borishi mumkin

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan xalqaro forumda ishtirok etishi kutilmoqda.

1 daqiqa o‘qiladi

Putin ortidan Mirziyoyev ham Turkmanistonga borishi mumkin

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligiga bag‘ishlangan “Zamonlar va sivilizatsiyalar o‘zaro aloqasi – tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumida ishtirok etishi kutilmoqda.

Forumda kimlar ishtirok etadi?

Turkmaniston Xalqaro axborot markazining ma’lum qilishicha, anjumanda 10 dan ortiq davlat Prezidentlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TYURKSOY), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va UNESCO rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Kreml matbuot xizmati xabari

Kreml matbuot xizmati Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning mazkur tadbirda qatnashishini allaqachon tasdiqlagandi. Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari ham ishtirok etishini aytadi.

Forum manzillari

Ma’lum qilinishicha, forum uchta joyda bo‘lib o‘tadi: Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi hamda poytaxtning “Ýyldyz” va “Garagum” mehmonxonalarida. Manbaning qayd etishicha, tadbirga dunyoning turli burchaklaridan 800 dan ortiq jurnalist tashrif buyurishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, bugun, 8-oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskvada MDH sammitining asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Kun tartibidan Hamdo‘stlik doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.